Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovning xabar berishicha, tegishli soha mas'ullariga barcha turdagi xalqaro qatnovlarni (avia, temir yo‘l va avtomobil) tiklash bo‘yicha xorijiy mamlakatlar bilan muzokaralar o‘tkazgan holda qatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.
Mazkur vaqtinchalik yo‘riqnoma 2020 yil 1 sentyabrdan e'tiboran kuchga kirishi hamda mazkur yo‘riqnoma kuchga kirgandan so‘ng xorijdagi fuqarolarni to‘lov asosida mehmonxonaga karantinga joylashtirish sharti bilan charter qatnovlarini tashkil etish bo‘yicha turoperatorlar hamda aviakompaniyalarga ruxsatnomalar berish amaliyoti to‘xtatilishi, shu bilan birga avval berilgan ruxsatnomalar 2020 yil 1 oktyabrga qadar amal qilishi belgilab qo‘yildi.
Shuningdek, qo‘shni davlatlarda ro‘yxatdan o‘tgan va respublikaga vaqtinchalik olib kirilgan avtotransport vositalarini O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqilishiga ruxsat berildi hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida boshqa xorijiy davlatlar avtotransport vositalarini qaytarib olib chiqish muddati 2020 yil 1 noyabrga qadar uzaytirildi.
Shu bilan birga, Respublika maxsus komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 29 yillik ayyomini oila davrasida sanitariya-gigiyena qoida va talablariga rioya etgan holda nishonlash tavsiya etildi.












