O‘zbekiston | 07:50 / 01.09.2020
4077
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya Arabistoni qurolli kuchlari qo‘mondoni korrupsiyada gumon qilinib iste'foga chiqarildi

Saudiya Arabistoni podshohi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida o‘z farmoni bilan mamlakat birlashgan qurolli kuchlari qo‘mondoni Fahd bin Turki Ol Saudni iste'foga chiqardi. Bu haqda SPA axborot agentligi xabar berdi. 

Podshohning shu farmoni bilan bosh shtab boshlig‘i o‘rinbosari Mutlaq bin Salim Ol Azim yangi qo‘mondon etib tayinlangan.

Iste'foga chiqarilgan qo‘mondonga nisbatan korrupsiyaga aloqadorligi bo‘yicha tergov boshlangan.

Farmonda ta'kidlanishicha, podshohlikning Korrupsiyani nazorat qilish va unga qarshi kurashish komissiyasi (Nazah) korrupsiyada gumon qilingan harbiylar va fuqaro shaxslariga nisbatan tergovni davom ettiradi va tegishli huquqiy choralar ko‘radi.

Mart oyida Saudiya Arabistonida 298 kishi korrupsiya, pul yuvish va o‘z vakolatlarini suiiste'mol qilish gumoni bilan hibsga olingan edi. Ular orasida mudofaa, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash va ta'lim vazirliklari, Ar-Riyoddagi universitetlardan birining mansabdor shaxslari bo‘lgan.  

Saudiya Arabistonida korrupsiyaga qarshi kurashish komissiyasi – Nazah 2011 yilda tashkil etilgan. U olib borgan eng shov-shuvli ishlardan biri 2017 yilda 11 shahzoda va 30 dan ko‘proq biznesmenning hibsga olinishi bo‘lgan. Hibsga olinganlardan aksariyati Ar-Riyodning eng hashamatli mehmonxonasi Ritz-Carlton’da deyarli 100 kun hibsda ushlab turilgan va davlatga zararni qoplashga rozi bo‘lgach, qo‘yib yuborilgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid