“O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 2020 yil 19 mayda qabul qilingan, Senat tomonidan 2020 yil 7 avgustda ma'qullangan.

O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilishi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:

O‘zbekiston Respublikasi hududining yaxlitligi va bo‘linmasligi;

qonuniylik;

ma'muriy-hududiy birliklardagi davlat boshqaruvining samaradorligi;

ma'muriy-hududiy birliklarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishi.

O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullardan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardan iborat.

Viloyatlar tumanlardan, shuningdek viloyat va tuman bo‘ysunuvidagi shaharlardan, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardan iborat. Viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar doirasida ham tumanlar tashkil qilinishi mumkin.

Viloyatlarning ma'muriy-hududiy chegaralari doirasida respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar bo‘lishi mumkin.

Toshkent shahri tumanlardan iborat.

Ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha komissiyalar ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini hamda viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlarining iltimosnomalarini ko‘rib chiqish hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazish maqsadida tashkil etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi rahbarlari kiritiladi.