Vazirlar Mahkamasining “Respublikada tez o‘suvchi va sanoatbop pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining respublika bo‘yicha tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda o‘rmon fondining suv tanqis yoki tuprog‘i sho‘r bo‘lgan yerlarida pavlovniya plantatsiyalarini tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Quyidagilar:

Respublika bo‘yicha tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, suv tanqis, yer osti suvlari 30 metrdan pastda joylashgan foydalanilmayotgan zaxira maydonlarda hamda o‘rmon fondining suv tanqis yoki tuprog‘i sho‘r bo‘lgan yerlarida sinov tariqasida 2020 — 2024 yillarda pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo etishning prognoz ko‘rsatkichlari;

2020 — 2024 yillarda pavlovniya daraxti plantatsiyalarini barpo etish uchun talab qilinadigan ko‘chatlar miqdorining prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari talabgorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar yoki qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz bo‘lgan yerlar yoxud qishloq xo‘jaligining sifati yomon yerlari hamda o‘rmon fondiga qarashli yerlardan — o‘rmon bilan qoplanmagan yer uchastkalari pavlovniya yetishtirish uchun ijara huquqi asosida ajratilishini ta'minlaydi.

Belgilanishicha:

yog‘och va yog‘och qirindili xomashyo ishlab chiqarishni yetarli xomashyo bilan ta'minlash, mebel va pellet ishlab chiqarish sanoati samaradorligini oshirish maqsadida pavlovniya plantatsiyalarini barpo etish uchun har bir loyihaga 100 gektardan kam bo‘lmagan yer maydoni ajratiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi soha olimlarini jalb qilgan holda, pavlovniya daraxtining biologik xususiyatidan hamda hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib, pavlovniya plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar beradi.