Koen bu kitobni Trampning prezidentlik kampaniyasida aniqlangan qoidabuzarliklarda ayblangani sabab qamoqxonada jazoni o‘tash davrida yozgan. Kitobni bugun AQShda savdoga chiqarish rejalashtirilgan.

Koen o‘z kitobida Tramp o‘zini gangster kabi tutganini va «qora tanlilarga nisbatan salbiy qarashlarga egaligi»ni ta'kidlagan. Kitobdagi ayblovlar orasida Janubiy Afrikaning birinchi qora tanli lideri Nelson Mandela va Lotin Amerikasining tub ahlolisi haqida Tramp tomonidan irqchilik bilan yo‘g‘rilgan fikrlar bildirilgani ham o‘rin olgan.

Kitobning ba'zi qismlari matbuotga sizishi ortidan Oq uy ushbu ayblovlarni rad etib chiqdi va Koen yolg‘on gapirayotganini ma'lum qildi.

«Koen – sharmandali jinoyatchi va Kongressga yolg‘on gapirgan, advokatlar assotsiatsiyasidan haydalgan advokat... Barcha ishonchni yo‘qotgan kishidir. Yolg‘onlarini pullash uchun harakat qilayotganini ko‘rish ajablanarli emas», dedi Oq uy matbuot kotibi Keyli Makenani hafta oxiridagi bayonotida.

Koen o‘z kitobida qamoqqa tushishiga sabab bo‘lgan jinoyatlarda «Tramp ham aybdor» ekanini da'vo qildi.

U kitobda AQSh prezidentini «firibgar, yolg‘onchi, hiylakor, bezori, irqchi tajovuzkor va ko‘zbo‘yamachi» deb ta'riflagan va u «to‘da rahbari» mentalitetiga egaligini ta'kidlagan.

Koenning kitobida yana qanday da'volar mavjud?

Qora tanlilar va Mandela

Nelson Mandela Janubiy Afrika Respublikasining birinchi qora tanli prezidenti bo‘lgan. U aparteid tufayli 27 yil qamoqda o‘tirgan
BBC/72 FILMS/MEDIA24/GALLO IMAGES/GETTY IMAGES

«Tramp, qoida tariqasida, musiqadan tortib madaniyat va siyosatga qadar qora tanlilar haqida har doim salbiy fikrlarni bildirgan», deb yozadi Koen o‘z kitobida.

Uning aytishicha, Tramp Mandela haqida «hatto u yetakchi ham emas» degan.