The Insider va Der Spiegel Aleksey Navalniyning holati sezilarli darajada yaxshilangani haqida yozdi. Der Spiegel xabarida rossiyalik muxolif siyosatchi yana gapira olishi, ehtimol Tomsk — Moskva samolyoti bortida nimalar bo‘lganini eslashi mumkinligi aytilgan. The Insider nashri esa Navalniy sog‘ligi yomonlashidan oldin sodir bo‘lgan voqealarni eslay olgani haqida yozdi. Nashr uning nutqi tiklangani bo‘yicha aniqlik kiritmagan, ammo Navalniyning ahvoli «bu vaziyatda kutilganidan yaxshiroq ekani», u 7 sentabr kuni sun'iy komadan chiqqanidan keyin «to‘liq o‘ziga kelgani»ni ma'lum qilgan. O‘shanda shifokorlar u atrofidagilarning murojaatlariga bazo‘r reaksiya qilayotganini aytishgandi.

Hayong Jeon / EPA / Scanpix / LETA

The Insider nashri shifokorlarga asoslanib xabar qilishicha, Navalnyy aqliy jihatdan deyarli to‘liq tiklangan, jismoniy jihatdan esa kamida 90 foizga tiklangan (Der Spiegel maqolasida bu haqda keltirilmagan). The Insider siyosatchi «Novichok»dan zaharlangan boshqa qurbonlar — Sergey Skripal va Yemelyan Gebrev bilan taqqoslaganda ancha tez va oson tiklanayotganini qayd etgan. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, shifokorlar Navalniyning oldiga nafaqat rafiqasi, balki boshqa mehmonlar ham kirishiga ruxsat berishgan (Der Spiegel maqolasida bu ma'lumotlar ham yo‘q, nashr faqat Navalniy sog‘ligi yaxshilangani sari ko‘proq ziyoratchilarni qabul qilishi mumkinligini yozgan).

Der Spiegel ma'lumotiga ko‘ra, Berlin politsiyasi Navalniyni qo‘riqlashni kuchaytirgan (politsiyadagilar esa bu haqda bexabarliklarini bildirishgan). Xabarda aytilishicha, siyosatchining ahvoli yaxshilangach, huquq-tartibot organlari uning hayotiga yana suiqasd amalga oshirilishidan xavotirga tushishgan. The Insider manbasi xabariga ko‘ra, Navalniyning oldiga kirish uchun uch bosqichli qo‘riqlash tizimidan o‘tish kerak bo‘ladi. Xavfsizlik choralarining yuqori darajasi 9 sentabr kuni, siyosatchi barchasini eslay boshlaganidan keyin joriy etilgani aytilmoqda. Manba ma'lumotiga ko‘ra, Germaniyada nafaqat Navalniyga jismoniy tahdidlarga, balki siyosatchi davolanayotgan «Sharite» klinikasini obro‘sizlantirish uchun «axboriy xurujlar» uyushtirilishiga tayyorlanishmoqda.

EPA

9 sentabr kuni Germaniyadagi yana bir nashr Die Zeit Aleksey Navalniyga «Novichok»ning yangi turi bilan suiqasd uyushtirilgani, mazkur modda avvalgilariga nisbatan xavfliroq ekani haqida xabar tarqatgandi.