Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida 20 turdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan «Termiz» erkin iqtisodiy zonasi barpo etilmoqda. Bu haqda 10-11 sentabr kunlari jurnalistlar uchun Surxondaryo viloyatiga tashkil qilingan press-tur davomida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Ta'kidlanishicha, yangi erkin iqtisodiy zonada eksportbop va import o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari ishlab chiqariladi va asosan qo‘shni Afg‘oniston va Pokistonga eksport qilinadi.

Loyiha bo‘yicha taqdimot qilgan viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Samandar Xudoyberdiyevga ko‘ra, mazkur iqtisodiy zonada «Termiz kanselyariya mollari» MChJ tomonidan zamonaviy televizor ishlab chiqarish loyihasi ham yo‘lga qo‘yiladi.
«Zamonaviy televizor ishlab chiqarish loyihasi – 6,5 mln dollarlik bo‘lib, yiliga 50 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. U sentabr oyining oxiri va oktabr boshlarida ishga tushadi.
Bunda mahsulotning sifatli va arzon bo‘lishi e'tiborga olinadi», – dedi boshqarma boshlig‘i.
Taqdimot davomida jurnalistlar tomonidan ushbu mahsulotlarning O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan «Artel» televizorlariga narx va sifat borasida qanchalik raqobatchi bo‘la olishi borasida savol bilan murojaat qilindi.
«Avvalo, loyihadan maqsad ham bozorgir va raqobatbardosh televizorlar ishlab chiqarish. U bozorda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi kerak. Qaytaraman, bu yerda chiqayotgan televizorlar raqobatbardosh va sifatli bo‘ladi», – dedi Samandar Xudoyberdiyev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, loyiha to‘liq ishga tushishi bilan, keyinchalik eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ham rejalar ishlab chiqiladi.

Taqdimot davomida Surxondaryo viloyat hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Rustam Pardayev iqtisodiy zona borasidagi yana bir qator ma'lumotlarni jurnalistlar bilan bo‘lishdi.
Unga ko‘ra, Afg‘onistonda hali ishlab chiqarish yo‘q hamda mamlakat yiliga 4-5 mlrd dollarlik mahsulotlarni import qilib kelmoqda.
«Afg‘onistonga xalq iste'moli mollari sotiladigan katta bozor kerak.














