Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari, iqtisod fanlari doktori, professor Odil Olimjonov Kun.uz bilan suhbatda tashqi qarz tushunchasi, undagi qoidalar va xatarlar, shuningdek, tashqi qarzni boshqarish masalalariga to‘xtalib o‘tdi.
— Tashqi qarz nima va uni qanday tushunish kerak?
— So‘nggi yillarda yuz berayotgan ochiqlik siyosati tufayli mamlakatimiz tashqi qarzi haqida bugun juda ko‘p ma'lumotlar e'lon qilinmoqda va bu qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Tashqi qarz – biror-bir mamlakat boshqa mamlakatdan yoki boshqa mamlakatdagi kompaniyalardan, banklardan, xususiy tashkilotlardan oladigan qarz hisoblanadi. Tashqi qarz ikki turga bo‘linadi: davlat qarzi va xususiy (korporativ) qarz. Ko‘pincha bu ikkisining farqini tushunmasdan umumiy qarz haqida gap ketadi. Bu narsa bir tarafdan to‘g‘ri. Ammo boshqa tarafdan unchalik to‘g‘ri emas. Chunki O‘zbekistonning bir kompaniyasi xususiy yo‘l bilan, qaysidir soha bo‘yicha, chetdan qarz olgan bo‘lsa, qarz mas'uliyati o‘sha kompaniyaning zimmasida bo‘ladi.

Hukumat kafolati ostida yoki davlat olgan qarzlar esa davlatning tashqi qarzlari hisoblanadi. Bular qo‘shilib, ya'ni davlat qarzi bilan xususiy kapital qarzi qo‘shilib, umumiy tashqi qarz tushunchasini hosil qiladi.
Umumiy tashqi qarz har xil talqin qilinishi mumkin. Masalan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi qarzi miqdori o‘sayotgani xavotirga solyapti, raqamlar o‘zgarib boryapti. O‘tgan yili 17-19 milliard dollar bo‘lgan bo‘lsa, shu yil 25 milliard dollardan o‘tdi. Bu umumiy qarzimiz. Shundan 17 milliard 300 millioni davlat qarzi. Qolgani xususiy kapital qarzi. Aslida, ana shu 17 milliard 300 million haqida ko‘proq gaplashishimiz kerak. Chunki bu davlatimiz olgan yoki kafolat bergan qarz. Shu ikkalasidan davlat qarzi paydo bo‘ladi. Bunga davlatimiz, albatta, javob beradi.
— Nima uchun O‘zbekistonning tabiiy boyliklari bo‘la turib, qarz olishi kerak?
— Har safar qarz olish paytida Moliya vazirligi uzoq hisob-kitoblar qilib, masalani tarozining ikki pallasiga solib ko‘radi. Biz hozir butun dunyo hayoti o‘zgarib ketgan murakkab davrda yashayapmiz. Dunyoda pandemiya yuz beradi-yu, ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyotini tiz cho‘ktirib qo‘yadi, deb hech kim o‘ylagan emasdi.

















