10:36 / 17.09.2020
12406

346 kishining o‘limiga olib kelgan Boeing 737 MAX halokatlari bo‘yicha yakuniy hisobot e'lon qilindi

Foto: REUTERS/Karen Ducey

AQSh kongressining transport va infratuzilma bo‘yicha qo‘mitasi Boeing 737 MAX samolyotlari ishtirokidagi ikkita aviahalokat yuzasidan 18 oy davom etgan tergov bo‘yicha 238 sahifalik hisobotni taqdim etdi. Unda samolyot dizayni, loyihalanishi va sertifikatlashtirilishida yo‘l qo‘yilgan “jiddiy xatolar” bayon etilgan.

Hisobotda ta'kidlanishicha, 346 kishining o‘limiga olib kelgan ikkita aviahalokat “Boeing muhandislari yo‘l qo‘ygan bir qator xatoliklar, kompaniya rahbariyati tomonidan yetarlicha ochiq-oydinlik bo‘lmagani va AQSh fuqarolik aviatsiyasi federal boshqarmasi (FAA) tomonidan yo‘l qo‘yilgan qo‘pol qoidabuzarliklarning dahshatli oqibati” bo‘lgan. 

Hisobotda ma'lum qilinishicha, Boeing kompaniyasi 737 MAX samolyotidan foydalanish vaqtida yuzaga keladigan muammolardan xabardor bo‘lgan, biroq buni mijozlardan yashirgan. Bundan tashqari, laynerning loyihalanishi jadal sur'atlar bilan olib borilgan, uning foydalanishga kiritilishi ortidan nazorat tegishlicha darajada bo‘lmagan. Nazorat jarayonlarining barchasida FAA vakillari bilan birga Boeing xodimlari ham ishtirok etgan. Korporatsiya FAA’ga bosim o‘tkazgan.

Buning oqibatida bozorga tizimlaridan biri noto‘g‘ri ishlovchi va samolyotni sho‘ng‘ishga majbur qiluvchi samolyot chiqqan. Uchuvchilar esa bunday avariyaviy holatga tayyor bo‘lishmagan. Qo‘mita kompaniyani ma'lumotlarni yashirishda, FAA’ni esa o‘z majburiyatlarini tegishlicha bajarmaslikda ayblagan.  

Boeing 737 MAX seriyasidagi samolyotlardan 2017 yil oktyabridan foydalana boshlangan. 2018 yil oktyabridayoq ushbu modeldagi samolyot bilan birinchi aviahalokat yuz bergan – Indoneziyaning Lion Air aviakompaniyasi samolyoti havoga ko‘tarilgandan ko‘p o‘tmay yerga qulagan. Bu aviahalokatda 189 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Ushbu hodisadan ko‘p o‘tmay, 2019 yil mart oyida Efiopiyada yana bitta 737 MAX samolyoti halokatga uchragan. Unda 157 kishi halok bo‘lgan. Shundan keyin Boeing 737 MAX samolyotlari parvozlari butun dunyoda to‘xtatilgan. 2020 yil yanvarida esa ushbu modeldagi samolyotlar ishlab chiqarilishi noma'lum muddatga muzlatib qo‘yilgan.

Top