– Mirjalol aka, avvalo, bolaligingiz va futbolga kirib kelishingiz haqida gapirib bersangiz.

– Kechagidek esimda. Mahalladagi bolalar bilan yalangoyoq holda ko‘cha changitardik. Nafaqat futbol, «lanka», «eshak mindi», «yong‘oq», «chillak» o‘ynardik. Bularning orasida qo‘y ham boqardik. Oq maykamizni qoraytirib, dovuchcha uzardik, tut terardik. Qishda xokkey o‘ynardik.

Futbol maktabiga borishimdan avval 1979 yili mashina urib yuborgan. Bir kun o‘zimga kelmay, kasalxonada yotganman. O‘shanda Olloh menga umrimni qaytarib bergan. 1980 yili Chig‘atoydagi futbol maktabiga borganman. Turli musobaqalar orqali 1984 yili SSSR yoshlar jamoasiga qabul qilinganman. Shu tariqa katta futboldagi faoliyatim boshlangan.

– Futbol o‘ynash yoki tomosha qilish uchun darslardan qochganmisiz?

– «Yo‘q» desam, yolg‘onchi bo‘lib qolaman. Nafaqat darsdan qochardik, to‘p bilan maktab derazalarini sindirardik. Keyinchalik yig‘inlar tufayli ham ko‘p bor dars qoldirganman.

– Futbolchi bo‘lishingizga oila a'zolaringiz qarshilik qilishganmi?

– Bo‘lgan. Futboldan charchab kelardim, jarohat olardim. O‘shanda rahmatli buvim «Qo‘y, bolam, o‘zingni qiynab nima qilasan?» deganlar.

– 1991 yili O‘zbekiston mustaqillikka erishdi. «Agar bunday bo‘lmaganida, SSSR kattalar jamoasi tarkibida ham jahon va Yevropa chempionatlarida qatnashib, yutuqlarga erishardim» degan xayol o‘tganmi?

– Unaqa xayol o‘tmagan. Muhimi, mustaqil bo‘ldik. O‘sha vaqtda boshqa milliy jamoalardan takliflar bo‘lgan. Lekin ikkilanmaganman, o‘z yurtim uchun o‘ynashga qaror qilganman.

– 17-18 yoshli futbolchilarimiz chiqadi, ayrimlarini «yangi Qosimov» deymiz. Lekin o‘sha yoshlar 4-5 yildan so‘ng yo birinchi ligada o‘ynayotgan yoki faoliyatini tugatib, taksichilik qilayotgan bo‘ladi. 17-18 yoshingizdayoq chempionlikka erishib, qanday qilib keyinchalik ham barqarorlikni saqlab qolgansiz?

– Chindan ham iqtidorlar juda ko‘p. Ularning kelajagiga atrofidagilar ko‘proq ta'sir qiladi. Hammasi insonning o‘ziga bog‘liq. Menda ham turli holatlar bo‘lgan – to‘ylarga va boshqa turli marosimlarga taklif qilishardi. Hozirgi yosh o‘yinchilarga bir maslahatim bor: futbolni yaxshi ko‘rdingmi, u doim birinchi darajada qolsin. Futbolga hayotingni berdingmi, u ikkinchi o‘ringa tushmasin. Boshqa kasblarda ham shunaqa. Bizdan ham kuchli futbolchilar chiqishini va ular biz erisha olmagan yutuqlarni qo‘lga kiritishlarini xohlayman.