Jahon banki 2020 yil uchun inson kapitali indeksini e'lon qildi. Unda O‘zbekiston ham ilk marotaba ishtirok etdi
Jahon Banki tomonidan dunyo davlatlarining 2020 yil uchun inson kapitali indeksi e'lon qilindi. Dunyo aholisining 98 foizi istiqomat qiluvchi 174ta mamlakat ishtirok etgan mazkur reytingga ilk marotaba O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash va ta'lim sohasiga oid ma'lumotlar ham kiritilgan.
Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, ushbu ma'lumotlar 2020 yil mart oyigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va pandemiyagacha bolalar salomatligi va ta'limining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi.
Indeks qiymati 0dan 1gacha intervalda bo‘lib, qiymat 1ga yaqinlashishi bugungi bolalarning kelajakda qay darajada yetuk inson bo‘lib shakllanishini ko‘rsatadi.
Ushbu tadqiqotlarda ilk marotaba ishtirok etgan O‘zbekiston 62 foiz natija ko‘rsatgan. Ya'ni O‘zbekiston MDH mamlakatlari ichida Belarus Respublikasi, Rossiya va Qozog‘istondan keyingi o‘ringa joylashgan.
Markaziy Osiyo mamlakatlari miqyosida esa Qozog‘iston va O‘zbekistondan tashqari, Qirg‘iziston 60 foiz, Tojikiston 50 foiz natija ko‘rsatgan.
2020 yilga qadar O‘zbekistonning ma'lumotlari «Inson kapitali indeksi» reytingida e'lon qilinmagan. O‘zbekiston tomonidan faqat sog‘liqni saqlash va iqtisodiy ko‘rsatgichlar taqdim etilgan va bu Jahon banki tomonidan qabul qilingan. Biroq, 2017 yilga qadar mamlakat maktab o‘quvchilarini bilimini aniqlash uchun o‘tkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos ravishda emasligi sababli ta'lim sifati (o‘quvchilarning bilimini baholash) bo‘yicha taqdim etilgan ma'lumotlar qabul qilinmagan.
Yurtimizda mavjud ta'lim sifati bo‘yicha ishonchli ma'lumot taqdim etish uchun 2019 yilning noyabr oyida Ta'lim inspeksiyasi Jahon banki bilan hamkorlikda TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida matematika bo‘yicha maktab o‘quvchilarining bilimi o‘rganilgan edi. Mazkur sinovlarda maktab o‘quvchilari qayd etgan natijalar ham yurtimizda inson kapitalini aniqlashda muhim ma'lumot bo‘lib xizmat qilgan.
Jahon banki Inson kapitali indeksi doirasida bolaning rivojlanish trayektoriyasi (tug‘ilganidan voyaga yetgunicha) qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi:
- tirik qolish ehtimoli (tug‘ilganidan 5 yoshgacha);
- boshlang‘ich va o‘rta maktabda kutilayotgan ta'lim sifatiga qaratilgan o‘qish davomiyligi;
- rivojlanishi orqada qolayotgan bolalar foizi;
- katta yoshdagi avlodning yashovchanligi.
Mavzuga oid
17:27 / 06.11.2024
Jahon banki iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini baholadi
22:46 / 26.10.2024
Dunyodagi eng nufuzli biznes-indeks tiklandi
17:43 / 18.10.2024
“Qarz olinganiga yarasha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror bo‘lishi lozim” - Jahon banki katta iqtisodchisi
08:20 / 18.10.2024