Marosim Mustaqillik saroyida o‘tkazilgan. BelTA agentligi xabariga ko‘ra, unga «bir necha yuz kishi taklif etilgan». Ular orasida yuqori darajali mansabdorlar, fan arboblari, rasmiy OAV vakillari bo‘lgan.

«Aleksandr Lukashenko qo‘lini Konstitutsiyaga qo‘ygan holda belarus tilida qasamyod qildi. Keyin u marosim o‘tkazilgani borasida aktga qo‘l qo‘ydi. Shundan keyin Markaziy saylov komissiyasi rahbari Lidiya Yermoshina Aleksandr Lukashenkoga Belarus Respublikasi prezidenti guvohnomasini topshirdi», deyiladi agentlik xabarida.

Hukumatga yaqin ekani aytiladigan «Pul Pervogo» telegram kanalida inauguratsiya marosimidan olingan surat joylashtirildi.

Belarus konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident saylovlar yakunlangach ikki oy ichida, ya'ni bu holatda 9 oktyabrgacha lavozimiga kirishishi kerak. Chorshanba kuni tongda Lukashenkoning matbuot kotibi Natalya Eysmont RIA Novosti agentligiga bergan intervyusida inauguratsiya marosimining sanasi aniq emasligi, marosim o‘tkaziladigan vaqt yaqinlashganida bu haqda OAVga ma'lumot berilishini aytgandi.

23 sentabr tongida mahalliy nashrlar va telegram-kanallarda Minsk markazi yopilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, prezident Lukashenko korteji Mustaqillik maydoniga kirib kelgani tavsirlari e'lon qilindi.

«Rangli inqilob amalga oshmadi»
Belarus nashrlari Lukashenkoning inauguratsiya marosimidagi chiqishidan iqtiboslar keltirmoqda, u mamlakatda «rangli inqilob» amalga oshirish muvaffaqiyatsizlikka uchragani haqida gapirgan.

«Bizning davlatchiligimizga misli ko‘rilmagan chaqiriqlar tashlandi - mustaqil davlatlarni yo‘q qilish uchun ishlab chiqilgan va ko‘p marta sinovdan o‘tgan texnologiyalarga qarshi turishga to‘g‘ri keldi. Ammo biz «rangli inqilob» amalga oshmagan kam sonli, ehtimol yagona davlat bo‘ldik», degan Lukashenko.

«Men nafaqat o‘z taqdirini, balki farzandlari kelajagini davlat bilan bog‘lagan belaruslarni, Belarus uchun shunday murakkab pallalarda mamlakatga va xalqqa sodiq qolganlarning hech birini tashlab ketishga haqqim yo‘q edi», degan Lukashenko.