Jahon | 07:56 / 23.09.2020
8752
2 daqiqa o‘qiladi

Si Tszinpin BMTda COVID-19’ni siyosiylashtirishga qaratilgan urinishlarni to‘xtatishni so‘radi 

Mamlakatlar koronavirus tarqalishiga qarshi kurashishda birlashishi va pandemiyani siyosiylashtirishga qaratilgan urinishlarning oldini olishi kerak. Bu haqda XXR raisi Si Tszinpin BMT Bosh assambleyasida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi. Translatsiya tashkilotning YouTube’dagi sahifasida amalga oshirildi.

«Virusga duch kelib, biz birdamlikni mustahkamlashimiz va u bilan birgalikda kurashishimiz kerak. <...> Bu masalada siyosiylashtirish yoki tamg‘alashga qaratilgan har qanday urinishlar rad etilishi kerak», - dedi XXR raisi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, virusni yengish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning yetakchi rolini targ‘ib qilish va xalqaro javob mexanizmini ishga tushirish kerak. 

Avvalroq, AQSh prezidenti Donald Tramp BMT Bosh assambleyasidagi nutqida navbatdagi marta Xitoyni koronavirus pandemiyasi uchun javobgarlikka tortishga chaqirdi.

Tramp Pekinni virus tarqalishining erta bosqichlarida Xitoydan amalga oshiriluvchi xalqaro aviareyslarni taqiqlamaganlikda va shu tariqa virusni butun dunyoga tarqatishda ayblagan. Bundan tashqari, AQSh prezidenti Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini ham tanqid qilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid