Yangi tartib «mobil qurilmalarni begona shaxslarning shaxsiy ma'lumotlaridan foydalanib ro‘yxatdan o‘tkazishga chek qo‘yish maqsadida» joriy qilingan.
«Ushbu tartibga ko‘ra, qurilmaning IMEI-kodini/kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda jismoniy shaxslar tomonidan foydalaniladigan abonent raqami mahalliy mobil operatorlaridan ariza beruvchi nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak», – deyiladi operator xabarida.
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev Telegram'dagi kanalida ushbu yangilikka «Yomg‘irdan qochib, do‘lga tutildik», deya munosabat bildirdi.
«Eng avvalo, bu yangi tartib bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qaroriga o‘zgarish kiritildimi? Agar kiritilgan bo‘lsa, nega e'lon qilinmadi? Agar kiritilmagan bo‘lsa, kim bularga huquq berdi, o‘zboshimchalik bilan yangi tartib joriy qilishga?
Ikkinchidan, aholining tinkayi madorini quritayotgan tizimni yaxshilaymiz deb, yana bitta byurokratik yo‘l o‘ylab topishibdi. Chunki juda ko‘pchilik aholimizning ishlatayotgan raqami o‘zining nomida emas, ota-onasining, turmush o‘rtog‘ining, aka-ukasining nomida. Endi ana o‘sha fuqarolar yangi telefon olsa, eng avvalo mobil kompaniyalarga borib, raqamini o‘zining nomiga o‘tkazib olishi kerak bo‘ladi. Aha, rahmat sizlarga, juda va juda xalqqa yengillik yaratib, g‘amxo‘rlik qilayotganlaringiz uchun», – deya yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.
U UzIMEI tizimi propiska rejimini eslatib yuborayotganini aytgan.
«Propiskada ham xuddi shunaqa bo‘lgandi, «lazeyka»larni yopamiz deb, yildan yilga xalqqa cheklovlarni, og‘ir shartlarni va byurokratik to‘siqlarni qo‘shib boraverishgan edi. Bitta maktab, bir xil pocherk.
Shunchaki ma'lumot uchun aytay: Konstitutsiyaga zid va fuqarolarga nisbatan adolatsiz bo‘lgan propiska rejimini bekor qilish uchun 9 yil vaqt ketgandi», – deya munosabat bildirdi bloger.
Eslatib o‘tamiz, mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishdagi ushbu o‘zgarish jinoiy guruh xorijdan O‘zbekistonga kelayotgan fuqarolarning shaxsiy ma'lumotlaridan noqonuniy foydalanib, ularning nomiga mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi voqeasi ortidan ro‘y bermoqda.














