Ma'lum bo‘lishicha, koronavirusga chalingan shaxslarni davolash uchun mo‘ljallangan ushbu markaz Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Murojaat ushbu markazga tegishli shartnoma asosida jalb etilgan 116 nafar tibbiyot xodimi nomidan yozilgan.

«SOVID-19 bilan bog‘liq epidemik holat jiddiyligini hisobga olib, ko‘plab ko‘ngillilar sog‘ligini xatarga qo‘yib ishga kirishishdi. Bilasiz, shifokorlar ushbu kasallikdan vafot etishi bilan bog‘liq holatlar ham kuzatilmoqda, bu shifokorlar oxirigacha virusga qarshi kurashayotganidan darak. Ishoning, biz ham shular kabi o‘z hayotimizni xatarga qo‘yib ishga kirishdik.

Biz O‘zbekiston Respublikasi IIV tibbiy boshqarmasi shtatiga o‘tkazildik va shartnoma asosida 2020 yil 30 avgust kuni ish boshladik. IIV Markaziy gospitali va uning rahbari H.Usmonov bilan tuzilgan shartnomada ish soatlari (12 soat) va davomiyligi (14 kun) ko‘rsatilgan.

Shartnomani to‘ldirayotganda kadrlar bo‘limi vakili faqat bir sanani – Kovid-markazda ish boshlash sanasini (30.08.2020) qo‘yish kerakligini aytib turib oldi. 14 kunlik ish kuni va shartnoma muddati tugashi sanasini kiritish man etildi. Shartnoma ostida ular aytgan gapni, ya'ni biz shartnomaga o‘zgartirish kiritilishiga roziligimiz haqidagi gapni yozdik. Chunki bu nufuzli tashkilot bizni bu darajada aldashini tasavvur qilmagandik.

30 avgustdan 9 sentyabrgacha biz bir sutkada 12 soatdan 2 smena bo‘lib ishladik. Sog‘liqni saqlash vazirligining 20 avgustdagi qaroriga muvofiq, ish soatlarimiz hajmi o‘zgarishi haqida bizni ogohlantirishdi, ammo maxsus komissiyaning qarori hali chiqqani yo‘q va biz avvalgi rejimda ishlab kelyapmiz.

9 sentyabrda bizni bir joyga yig‘ishdi, telefonlarimizni olib qo‘yishdi, milliy gvardiya xizmatchilari bizni o‘rab oldi. 20 avgustda chiqqan qarorni yuzimizga o‘qtalib, 30 kun 8 soatlik ish rejimiga o‘tishimizni e'lon qilishdi. Savollarimizga javob berishmadi: rasmiy hujjatmi bu, qachon kuchga kirgan, bilolmadik.

Bundan kelib chiqadiki, ishlab qo‘ygan soat va kunlarimiz yangi tartib bo‘yicha – 8 soatlik ish rejimi bo‘yicha hisob-kitob qilinadigan bo‘lyapti. Shu paytga kelib biz 11 smena ishlab qo‘ygan edik, 14 kun bo‘lishi uchun 3 smena qolgandi, xolos. Ammo yangi tartib bo‘yicha biz yana 19 kun 8 soatdan ishlashimiz kerak bo‘lyapti, shundagina bizga va'da qilingan rag‘bat pullarini berisharkan.

Demak, avvalgi tartib bo‘yicha 11 kun davomida kuniga 12 soat ishlab kelgan shifokor 19 mln 642 ming 857 so‘m o‘rniga 9 mln 166 ming 666 so‘m oladi. Nega? Nima uchun ishlagan kunlarimiz uchun o‘sha paytda amalda bo‘lgan qaror bo‘yicha hisob-kitob qilishmaydi?