Joriy yilning 26 sentabr kuni Xitoy hukumati tomonidan BMT kotibiyati bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan hamkorlikni kengaytirish» mavzusida yuqori darajadagi xalqaro videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, konferensiyada Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, BMT bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad, BMT bosh kotibi o‘rinbosari Lyu Chjyenmin hamda Misr, Qozog‘iston, Peru, Filippin, Janubiy Afrika va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlari ishtirok etdi.

Rivojlanish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kun tartibida, qashshoqlikni har qanday shaklda yo‘q qilishga ustuvor ahamiyat berayotgani, rivojlanayotgan mamlakatlarga, eng kam rivojlangan mamlakatlarga, xususan pandemiya oqibatlarini bartaraf etish muhim ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov o‘z nutqida kambag‘allikni qisqartirish prezident tomonidan belgilangan ustuvor vazifa ekanligini ta'kidladi. Ushbu muammoning ahamiyati O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan takliflarida, shuningdek, qashshoqlikni yo‘q qilish va kambag‘allikni qisqartirish BMT Bosh assambleyasining yaqinlashib kelayotgan sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilashda va ushbu masalalarga bag‘ishlangan Global sammitni o‘tkazishda o‘z aksini topgani qayd etildi.

O‘zbekistonning uzoq muddatli strategik maqsadi barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta'minlash, aholi jon boshiga daromadlarni oshirish, kambag‘allik darajasini keskin kamaytirish ekanligi ta'kidlandi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston bozor iqtisodiyotini mustahkamlash hamda liberallashtirish bo‘yicha tarkibiy islohotlarga e'tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi nutqida kambag‘allikni qisqartirish sohasida global hamkorlikni kuchaytirish zarurligi, shuningdek, ushbu mamlakatning qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha Xitoyning muvaffaqiyatli tajribasi rolini alohida ta'kidlab o‘tdi.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro rivojlanish bo‘yicha sheriklik aloqalarini kengaytirish, «Bir makon - bir yo‘l» tashabbusini va BMTning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirishga hissa qo‘shadigan boshqa mintaqaviy va xalqaro hamkorlik tashabbuslarini qabul qilishning muhimligi to‘g‘risida kelishib oldilar.