«Biz bu mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish ustida ko‘p ishladik. Endi biz bu muammoni tubdan hal qilishni xohlaymiz», dedi seshanba kuni Ozarboyjonning Anqaradagi elchixonasiga tashrif buyurgan Turkiya TIV rahbari Mavlud Chovusho‘g‘li.
Chovusho‘g‘liga hamrohlik qilgan hukumatdagi partiya raisi o‘rinbosari Numan Kurtulmush «Turkiya Ozarboyjonga qilingan hujumni o‘ziga hujum o‘laroq qabul qilishi»ni qo‘shimcha qildi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Turkiya TIV bayonotiga munosabat bildirib, «olovga yog‘ quymaslikka» chaqirdi. «Biz barcha mamlakatlarni, ayniqsa, Turkiya kabi sherik davlatlarni urishayotgan tomonlarni o‘t ochishdan to‘xtatish va bu uzoq yillik mojaroni siyosiy va diplomatik vosita orqali tinch yo‘l bilan hal qilishga qaytish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqiramiz», dedi u.
Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘andan boshlab barcha turk rasmiylari 27 sentabr kunidan Ozarboyjonni qo‘llab-quvvatlashmoqda va bu davlatga barcha vositalar bilan yordam berishga tayyorliklarini aytishmoqda.
Ozarboyjonning rasmiy versiyasiga ko‘ra, Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni bu safar armanlar boshlashgan. Armanistonliklar esa Ozarboyjon oldindan tayyorlangan holda hujum boshlaganini aytmoqda.
Tomonlarning frontdagi so‘nggi harakatlari to‘g‘risida ma'lumotlar juda kam va borlarining ham aniqligini tekshirish imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Aytish mumkinki, seshanba kuni ham front chizig‘ida sezilarli o‘zgarishlar ro‘y bermagan.
Seshanba kuni davomida ikki tomon ham hujum boshlangani yoki hujum boshlashga harakat bo‘lgani haqida xabar tarqatdi - Ozarboyjon armiyasi janubda, Eron bilan chegaralar yaqinidagi Fuzuliy yo‘nalishida harakatlangan.
Rasmiy Yerevan seshanba kuni raqib endi Qorabog‘ hududida emas, Armaniston hududida harbiy harakatlar boshlagani, aviatsiya kuchlari amaliyoti vaqtida turklarning F-16 rusumli qiruvchi samolyoti armanlarning Su-25 samolyoti tomonidan urib tushirilgani haqida xabar berdi.

Armaniston mudofaa vazirligi talqiniga ko‘ra voqealar quyidagicha rivojlangan: Ozarboyjon harbiy-havo kuchlari seshanba tongida Armaniston hududidagi Vardenis shaharchasiga zarba berishni boshlagan, natijada quruqlikda bir kishi halok bo‘lgan; bu hujumga javob qaytarish uchun arman samolyotlari havoga ko‘tarilgan; Ozarboyjonning Ganja shahridagi aerodromidan esa turklarning F-16 rusumli harbiy samolyotlari harbiy harakatlarga qo‘shilgan, ulardan biri hali Ozarboyjon havo kengliklarida ekanida bir necha kilometr masofadan turib arman raketasi tomonidan urib tushirilgan, uchuvchi halok bo‘lgan.




















