Tahririyatga kelib tushgan murojaatni o‘rganish, tomonlarni eshitish va hujjatlar bilan tanishish maqsadida uylar joylashgan manzilda bo‘ldik.

«Ko‘p qavatli uylar orasida qurilish bo‘lishiga qarshimiz»

Ma'lum bo‘lishicha, «Baliq savdo» MChJning Chilonzor tumani 10-mavze TXAY ko‘chasida joylashgan omborxona binosining buzilishi evaziga kompensatsiya tariqasida Toshkent shahar hokimining qarori bilan «2-Charxi Komolon» mahallasi Muqimiy ko‘chasida joylashgan 144-148 uylar oralig‘idagi 6 sotixli yer maydoni ajratib berilgan.

MChJ o‘ziga ajratilgan yerga ofis va omborxona qurishni rejalashtirib, o‘z yerini o‘rab olish ishlarini boshlagan. Biroq ushbu yerdagi ko‘p qavatli uylar ahli bundan norozi bo‘lishmoqda.

«Biz 144-148 uylarda yashovchi fuqarolar bu yerga qurilish bo‘lishiga qarshimiz. Farzandlarimiz o‘ynaydigan joyda qurilish qilishi, daraxtlarni kesib tashlashi mumkin emas-ku! Tadbirkor aholining roziligini olgani yo‘q. Biz qarshimiz. Hech qanday qurilish bo‘lmasin. Chunki bizning uylarga juda yaqin masofada qurilmoqda.

Qurishni boshlash uchun hujjatlarni ko‘rsatinglar, desak, Toshkent shahar hokimining qaroridan boshqa narsani ko‘rsatishgani yo‘q. Tasdiqlanmagan bosh planni olib ko‘rsatishdi. U ham noto‘g‘ri. Bu yerga omborxona va ofis quriladigan bo‘lsa, farzandlarimiz qayerda o‘ynashadi, o‘zimiz qayerda toza havodan nafas olamiz? O‘zimizning tadbirkor bolalar maydonchasi, avtoturargoh qurib bermoqchi. Qurilish uchun avval aholining roziligi olinishi kerak emasmi?!» – deydi norozi bo‘lib yig‘ilgan fuqarolardan biri.

«Daraxtlarni saqlash, avtoturargoh tashkil etish va aholi roziligini olish shart» — Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi

Fuqarolar Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasiga ham ushbu masala bo‘yicha murojaat qilishgan. Loyiha-smeta hujjatlarini kelishish bo‘yicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining 2020 yil avgustdagi xulosasiga ko‘ra, ofis va omborxona binolarini qurish loyihasi turar joy binolari bilan oraliq masofalarni va mavjud ko‘p yillik daraxtlarni saqlash hamda avtoturargoh tashkil etish, aholi roziligini olish sharti bilan loyiha ishlarini davom ettirishga kelishilgan. Lekin agarda qurilish boshlanadigan bo‘lsa, ko‘p yillik daraxtlar kesilishiga to‘g‘ri keladi.