Bu yil Yevropa chempionatlarida yozgi transferlar muddati koronavirus tufayli o‘zgargan. Masalan, Angliyada yangi futbolchilarni qayddan o‘tkazish APLning o‘tgan mavsumi yakunlanishi bilan – 25 iyuldayoq boshlangandi. Germaniyada yozgi transferlar oynasi 15 iyulda, Ispaniyada — 4 avgust kuni ochildi. Italiyada esa yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish faqat 1 sentyabrdan boshlandi. Allaqachon yangi mavsum start olgan Liga 1 chempionatida esa mahalliy transferlar 8 iyuldayoq boshlangandi. Yevropa klublari yangi futbolchilarni tarkibga qo‘shib olishi mumkin bo‘lgan so‘nggi muddat sifatida 5 oktabr sanasi keltirilmoqda. Quyida Yevropada yozgi transferlardagi top-15 transfer keltirilgan.

Leroy Sane («Manchester Siti»dan «Bavariya»ga)
Transfer qiymati: 60 mln yevro va bonuslar.

Leroy Sane / Foto: fcbayern.com

Angliyadagi to‘rt mavsumdan keyin Leroy Sane yana Germaniyaga qaytdi va «Bavariya» bilan besh yillik shartnomaga imzo chekdi. Transfer haqida e'lon qilinishidan oldin germaniyalik futbolchining yangi klubi futbolkasidagi surati myunxenliklar saytining arabcha talqinida paydo bo‘lgandi, buning uchun klub darhol «Manchester Siti»dan uzr so‘radi. Hans-Diter Flik ushbu 24 yoshli futbolchi bilan yaxshi aloqalarga ega. Ular Sane Germaniya U21 jamoasiga chaqirilgan vaqtlarda tanishishgan. Yaqinda Leroy «Shalke»daligidayoq «Bavariya»ga o‘tishi mumkin bo‘lganini aytdi. Ammo tarkibda Frank Riberi va Aren Robben borligi tufayli yosh vinger Myunxenga o‘tishni keyinga qoldirgan. Sane yangi klubida 10-raqamli futbolkani oldi va «Bavariya» bilan YeChLda zafar quchish niyatida ekanini bildirdi.

Timo Verner («Leypsig»dan «Chelsi»ga)
Transfer qiymati: 53 mln yevro.

Foto: Steve Bardens/Getty Images

Timo Vernerning londonliklar klubiga o‘tishi bo‘yicha jarayon yetarlicha uzoq vaqt davom etdi. 24 yoshli futbolchiga o‘tgan mavsumda «Liverpul» ham da'vogar edi, ammo mersisaydliklar koronavirus keltirgan inqiroz tufayli nemis futbolchisi transferidan voz kechishdi.  «Chelsi» esa o‘z maqsadiga erishib, Verner bilan besh yillik shartnoma imzoladi. Timo London klubiga o‘tishiga asosiy sababchi Frenk Lempard bo‘lganini aytdi. Futbolchi «Chelsi»ning yangi erasidagi muhim futbolchi bo‘lish istagi haqida gapirgan. Shu kunlarda u «Brayton»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 4-daqiqada gol urdi - bu uning yangi klubi safidagi ilk goli bo‘ldi.