Qirg‘izistondagi ommaviy tartibsizliklar vaqtida bir kishi halok bo‘lishi va 150 kishi shifoxonaga yotqizilishi ortidan Qirg‘iziston Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qildi.

Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Gulnora Jo‘raboyevaning so‘zlariga ko‘ra, komissiya o‘zini o‘zi tarqatib yuborish masalasini ham muhokama qildi. «Ushbu saylov kampaniyasi bilan biz o‘zimizni obro‘sizlantirdik va shuning uchun bu holatda eng yaxshi va to‘g‘ri qaror muddatidan oldin iste'foga chiqish to‘g‘risida qaror qabul qilish deb hisoblayman», dedi u.

Bishkekdagi namoyishlar
Parlament saylovlari yakshanba kuni o‘tkazilgan, ammo uning natijalarini saylovda qatnashgan 16 partiyadan 12tasi tan olmagandi. Bu partiyalar yetakchilari muxolif blokka birlashishdi va tinch miting boshlashdi, miting Oq uyni qamal qilishga ulanib ketdi.

Foto: Reuters

Tunda namoyishchilar prezident ma'muriyati va parlament joylashgan Oq uy binosi eshiklarini buzib o‘tishdi.

Huquq-tartibot organlari vakillari bunga qarshilik ko‘rsatishmadi. Bu vaqtga kelib Oq uy bo‘sh qolgan edi.

Foto: Abilay Saralayev/TASS
Foto: EPA/Vostock-photo

Namoyishlarning dastlabki qismida kuchishlatar tuzilmalar yig‘ilganlarni maydondan haydab yuborishga uringan, namoyishchilarga nisbatan shovqinli granatalar, ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar va rezina o‘qlar qo‘llangandi, bunga bir necha kishi Oq uyga devordan oshib o‘tib kirishga uringani sabab bo‘lgandi.

Ammo bir necha soat o‘tib mitingchilar yanada ko‘pchilik bo‘lib qaytishdi va ustunlikka erishishdi. Ular ichki ishlar organlari xodimlarining avtomobillarini tortib olib, ularga o‘t qo‘yishdi. Tez yordam boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Yegor Borisovning ma'lum qilishicha, tez yordam mashinalariga ham hujumlar uyushtirilgan.