O‘zbekiston | 18:30 / 06.10.2020
9902
4 daqiqa o‘qiladi

«Yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarimdan o‘zimga tegishli xulosalar chiqardim» – Paxtachi hokimi hisobot berdi

Paxtachi tumani hokimi hudud ko‘rsatkichlari «qoniqarsiz» deb baholangani sababli uzr so‘radi va yil oxirigacha vaziyatni to‘g‘irlab, kelasi yil tumanni «yaxshi» deb baholanuvchi darajaga olib chiqishga va'da berdi.

6 oktabr kuni Samarqand viloyati Paxtachi tuman kengashining navbatdagi sessiyasi o‘tkazildi.

2019 yil yakunlari bo‘yicha tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasining umumiy balli jami 13,27 balni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich bilan tuman viloyatda eng oxirgi o‘rinni egallagan. 

Sessiyada tuman hokimi Muzaffar Hamdamov tuman «qoniqarsiz» hududga tushib qolgani yuzasidan hisobot berdi.

Yig‘ilishda 2019 yilda virtual va xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni 397taga yetgani aytib o‘tildi (viloyatda eng yomon ko‘rsatkich). Bu hududda istiqomat qiluvchi har ming kishidan 3 nafari takroriy murojaat qildi, deganidir. Shuningdek, xotin-qizlarning bandlik darajasi 85,5 foizni tashkil qilgan, viloyatda 13-o‘rinda. 

Tumanda to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilishi 8,2 mlrd so‘mni tashkil etib, umumiy investitsiyadagi ulushi 3,1 foizni tashkil etgan hamda viloyatda 14-o‘rin qayd etilgan. 

Qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlarga suvni tejovchi texnologiyalar bilan ta'minlanganlik darajasi ham qoniqarsizligi, bu sohada tumanda umuman ishlar amalga oshirilmagani, viloyatda eng oxirgi o‘rindaligi, tuman yana bir qator sohalar bo‘yicha viloyatda eng yomon natijani qayd etgani aytib o‘tildi.

Hokim M.Hamdamov tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash bo‘yicha kelgusida rejalashtirilgan ishlar haqida ma'lumot berdi.

«Yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarimdan o‘zimga tegishli xulosalar chiqardim. Yil yakunigacha yuqorida aytilgan raqamlarni so‘zsiz bajarilishiga hamda xalqimiz turmush farovonligini oshirishga va bu orqali tumanimizda kambag‘alchilikni keskin qisqartirishga va'da beraman. Agar tez orada vaziyatni o‘zgartirmasak, tuman rahbarlari bir yoqadan bosh chiqarib xalqimizning roziligiga erishmasak, bu joy bizga kafolatlangan emas», deya tuman hokimining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ushbu hisobot va va'da to‘rtta sektor rahbarining munosabati sifatida qabul qilindi. 

1 maydan boshlab O‘zbekistonda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini baholashning reyting tizimi amal qilmoqda. Tizim doirasida birinchi marta iqtisodiy ko‘rsatkichlar, biznesni qo‘llab-quvvatlash muhiti, infratuzilma hamda tuman va shaharlardagi resurslardan foydalanish darajasi o‘rganildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra hududlar biznesni rivojlantirish holatiga qarab «yaxshi», «o‘rtacha» va «qoniqarsiz» toifalarga ajratildi. Vaziyat 48ta hududda «yaxshi», 119ta hududda «o‘rtacha» va 33 tuman, shaharda «qoniqarsiz» deb topilgan.

«Qoniqarsiz» baho olgan tumanlar hokimlari va sektorlar rahbarlari ommaviy ravishda uzr so‘rab, vaziyatni to‘g‘irlashga va'da berishmoqda.

Mavzuga oid