Bundan tashqari, dasturdan «Lokomotiv» yarimhimoyachisi Vadim Afonin bilan intervyu hamda tez-tez tugatilib, qaytadan tashkil etib turiladigan «Andijon» klubi mavzusida yurist Zokirjon Xoliqov bilan suhbat ham o‘rin olgan.

«Andijon» mojarosi FIFA darajasiga ko‘tarilishi mumkin

«Andijon» klubi bu yil ham tugatilib, qayta tashkil etildi. Ammo bu amaliyot bu klub uchun yangilik emas: ko‘plab mavsumlarda bir MChJ yopilib, o‘rniga boshqa MChJ ta'sis etilishi va «Andijon» yangi ta'sischi qo‘l ostida chempionatlarda qatnashishi oddiy hol.

Ma'lum bo‘lishicha, bu ish – klubning turli qarzdorliklarini yo‘q qilib yuborish uchun qilinar ekan. Bankrot deb e'lon qilingan MChJ futbolchilar va murabbiylar oldidagi majburiyatlarini bajarishga qodir emas. Yurist Zokirjon Xoliqov oylik maoshlarini ololmayotgan mutaxassis huquqlarini himoya qilayotgani va «Andijon» mojarosi FIFA darajasiga ko‘tarilishi mumkinligi haqida so‘zlab berdi.

Vadim Afonin: «Men o‘zbekman!»

Milliy jamoaga begona bo‘lmagan, klubdagi faoliyatining katta qismini Rossiyada o‘tkazib, ayni paytda Toshkentning «Lokomotiv» klubida o‘ynayotgan yarimhimoyachi Vadim Afonin bilan intervyu esa Rossiya va O‘zbekiston ligalari o‘rtasidagi farq, «Loko»ning so‘nggi paytlardagi muvaffaqiyatsizliklari, Kapadzening klub murabbiyligiga kelishi, milliy jamoadan taklif kutishi va qalban qayerga yaqinroq ekani kabi mavzularda kechdi.

– Jamoaga Temur Kapadze kelganidan so‘ng nima o‘zgardi? Qanday kayfiyat hukmron?

– Menimcha, kayfiyat barchada yaxshilandi, chunki g‘alabalarga erisha boshladik. O‘yinga munosabat, o‘yinni olib borish, o‘zaro tushunish borasida yaxshilanish bor. Asosiysi, g‘oya bor.

– Kapadzegacha nima bo‘lgan edi?

– Butkul o‘zgarish borasida gapirmagan bo‘lardim. Murabbiy jamoani kerakli yo‘nalishga bura oldi, ba'zi xatolar ustida ishladi va tuzata oldi. Pandemiya ham bizga ta'sir qilgani bor gap. Tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Yig‘inlar ham bir maromda o‘tmadi. Sabablar yetarli. Ba'zi o‘rinlarda keragidan ortiq, ba'zilarida esa yetarli bo‘lmagandir harakatlarimiz. Yangi odam kelsa, baribir nimadir o‘zgaradi.