Qonun loyihasi Bosh prokuratura tomonidan tayyorlangan, u bilan Jinoyat kodeksining Umumiy qismini sakkizinchi bo‘lim “Mulkiy yo‘sindagi majburlov choralari” bilan to‘ldirish taklif qilinmoqda. U maxsus musodara qilish tarzidagi mulkiy yo‘sindagi majburlov choralari sudning hukmi yoki ajrimiga asosan haq to‘lamaslik sharti bilan olib qo‘yish va davlat foydasiga o‘tkazish maqsadida qator mol-mulklarga nisbatan qo‘llanilishi mumkinligini belgilaydi.
Norma’ning yozishicha, bunday mol-mulklar jumlasiga:
- jinoyat sodir etish natijasida olingan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulk, shuningdek ushbu mol-mulkdan foydalanish orqali olingan har qanday foyda yoki naf;
- jinoyat sodir etish natijasida olingan pul mablag‘lari va boshqa mol-mulk to‘liq yoki qisman boshqa mol-mulkka aylantirilgan yoxud o‘zgartirilgan yoki qonuniy manbalar hisobidan olingan mol-mulkka qo‘shilgan pul mablag‘lar va boshqa mol-mulk;
- ekstremistik yoki terrorchilik faoliyatini, ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni yoxud uyushgan jinoiy guruh yoki jinoiy uyushmani moliyalashtirish yoki boshqacha tarzda ta'minlash uchun mo‘ljallangan yoki foydalaniladigan pul mablag‘lar va boshqa mol-mulk;
- jinoyat sodir etish quroli, narsalar, uskunalar yoki boshqa vositalar kiritiladi.
Jinoyat sodir etish natijasida olingan va jinoyat sodir etgan shaxs tomonidan boshqa shaxslarning egaligiga o‘tkazilgan mol-mulk ham musodara qilinadi.
Jinoyat sodir etish natijasida olingan pul mablag‘lari va mol-mulk to‘liq yoki qisman boshqa mol-mulkka aylantirilgan yoxud o‘zgartirilgan yoki qonuniy manbalar hisobidan olingan mol-mulkka qo‘shilgan yoki boshqa shaxslar egaligiga o‘tkazilgan bo‘lsa, maxsus musodara qilish jinoyat sodir etish natijasida olingan mol-mulk qismiga nisbatan qo‘llaniladi.
Sud maxsus musodara qilishni qo‘llash vaqtida musodara qilinadigan mol-mulkni aniq ko‘rsatishi lozim bo‘ladi.
Qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining boshqa bob va moddalariga, shuningdek Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksiga, “Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida”, “Davlat soliq xizmati to‘g‘risida”, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunlarga va boshqalarga ham o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.
















