Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi matbuot xizmati munosabatida 12 oktyabrdagi hukumat majlisida bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan qo‘mita va «UzAuto Motors» kompaniyasi o‘rtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish, imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning o‘rganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirilgani aytib o‘tilgan.

«Bosh vazir boshchiligida bo‘lib o‘tgan selektor yig‘ilishi va unda ko‘tarilgan masalalar bugun OAV va blogerlar o‘rtasida keng muhokama qilinyapti. Ayrim blogerlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar noto‘g‘ri talqin qilinyapti. 

Mazkur selektor yig‘ilishi O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2020 yil 5 oktyabrdagi PF–6079-son Farmoni bilan belgilangan loyihalar va chora-tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishni samarali tashkillashtirish masalalariga bag‘ishlangan.

Majlis Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatiga bag‘ishlanmagan va unda qo‘mita raisi Najmiddinxo‘ja Sharipovning hisoboti yoki «UzAuto Motors» kompaniyasi masalasi bo‘yicha maxsus axboroti tinglanmagan. 

Yig‘ilishning asosiy mavzularidan biri – davlat organlar tomonidan olib borilayotgan axborot siyosati, matbuot kotiblarining faoliyati samaradorligi, OAV bilan ishlashda ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash masalalariga bag‘ishlangan.

Yig‘ilishda, bosh vazir tomonidan hozirgi kunda yuqoridagi yo‘nalishlarda davlat organlar tomonidan olib borilayotgan ishlar xususida fikrlar bildirilib, ko‘plab ijobiy va tanqidiy misollarga to‘xtalib o‘tildi. Xususan, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va «UzAutoMotors» kompaniyasi o‘rtasida davom etayotgan sud jarayonida shoshmasdan qaror qabul qilish va imkon darajasida xalqaro konsultant-mutaxassislar bilan hamkorlikda, ularning o‘rganishlari ham inobatga olingan holda ish olib borilishi taklif sifatida bildirildi.

Shuningdek, davlat organlari rahbarlari OAV bilan o‘zaro muloqotda, asosli va isbotlangan dalillarga tayanib hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerakligi, aks holda bu harakatlar populistik ko‘rinishga ega bo‘lib qolishi ehtimoli borligi nazarda tutilgan», deyiladi qo‘mita munosabatida.

AOKA rahbari Asad Xo‘jayev ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bosh vazir ishtirokidagi yig‘ilishda avvalo vazirlik va idoralarning matbuot xizmatlari faoliyatini yaxshilash bo‘yicha tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilgani haqida aytgan.