O‘zbekiston | 14:54 / 17.10.2020
9378
3 daqiqa o‘qiladi

Akmal Saidov Inson huquqlari bo‘yicha kengashga a'zolikning O‘zbekistondagi diniy erkinlikka ta'siri haqida gapirdi

Bugun, 17 oktabr kuni «O‘zbekiston - BMT: muhim tashabbuslar va hamkorlik natijalari» mavzusida navbatdagi xalqaro press klub sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Unda jurnalistlar tomonidan O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga a'zo bo‘lib saylangani kelgusida diniy erkinlikning ta'minlanishi, sudlar mustaqilligi va xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha qanday o‘zgarishlarga turtki berishi borasida savol bilan murojaat qilindi.

Savol yuzasidan Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi direktori Akmal Saidov fikr bildirdi. U bu borada dastlab BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a'zo bo‘lgan har bir davlat o‘ziga ixtiyoriy ravishda turli majburiyatlarni olishi haqida gapirdi.

«Diniy erkinlikni ta'minlash borasida qilinayotgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, Oliy Majlisda «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunni ikkinchi o‘qishga tayyorlayapmiz. Shu kungacha bu qonun loyihasini bir oy davomida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydik va 500 dan ortiq takliflar kelib tushdi. 

Bundan tashqari, 5 ta xalqaro ekspertizani oldik. Bular Venetsiya Komissiyasi tavsiyalari, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh komissiyasi, Brigam universiteti professori Elizabet Klark, Diniy erkinlik bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahid takliflarini oldik. 

Ijtimoiy tarmoqda juda ko‘p bo‘layotgan muhokamalarni ham o‘rganib chiqdik. Shu sababli qonunda «diniy libos» degan tushuncha yo‘q, «mahallaning ruxsatini olish» tartibi ham olib tashlandi. 

Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha nima qilyapmiz? O‘zbekistonda gender tenglikka erishish strategiyasi tayyorlanyapti. 2 ta qonun ishlab chiqish, Gender tengligi komissiyasini tashkil etishdan tashqari yordamga muhtoj ayollarga ko‘maklashish uchun «Ayollar daftari» ishlab chiqildi. 

Sud-huquq tizimi borasida BMT Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Diyego Garsiya-Sayanning tavsiyalarini oldik va bu bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqamiz», – deya Akmal Saidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid