Jamiyat | 11:44 / 19.10.2020
78060
2 daqiqa o‘qiladi

Internetda 25 oktabr kunidan karantin cheklovlari qaytarilishi haqida xabar tarqaldi. Bu – feyk

Ijtimoiy tarmoqlarda 25 oktabr kunidan transportlar harakatiga cheklov choralari kuchga kirishi haqida yolg‘on xabar tarqaldi. Bunday xabarlarga Kun.uz saytining 2020 yil 26 iyulda Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asoslanib tarqatgan xabaridan olingan skrinshot ilova qilinmoqda.

O‘shanda maxsus komissiya karantin choralarini 15 avgustga qadar uzaytirgandi. Internetda tarqatilayotgan xabarlarda esa eski post sarlavhasiga fotoshop orqali yolg‘on ma'lumot qo‘shimcha qilinganini ko‘rish mumkin.

 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 

A post shared by Kun.uz (@kun.uz) on

Sayt tahririyati ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bu kabi soxta xabarlarga ishonmaslikni so‘raydi va karantin cheklovlari joriy etilishi bo‘yicha faqat maxsus komissiya qaror qabul qilishi mumkinligini, aholi o‘rtasida yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik mavjudligini eslatadi.

Ma'lumot uchun, O‘zbekistonda karantin choralari 15 avgustdan keyin bosqichma-bosqich yumshatila boshlangandi. Xususan, avtomobillarning kun davomida harakatlanishiga, mahalliy avia va temir yo‘l qatnoviga, xususiy bog‘cha va maktablar faoliyatiga, 30 kishilik to‘ylarni o‘tkazishga ruxsat berilgan. 17 avgustdan viloyatlar o‘rtasida avtotransport qatnovi hamda jamoat transporti va shahar atrofidagi avtobus qatnovi tiklandi, masjidlar qayta ochildi. 20 avgustdan buyum bozorlari va savdo majmualari qayta ishga tushdi. 

Sentabr oyi boshida esa asosiy cheklovlar bekor qilindi, xalqaro qatnovlar ham tiklana boshlandi, hozirda faqat ko‘chada tibbiy niqobda yurish majburiy hisoblanadi. Sentabr oyi boshidan buyon maxsus komissiyaning karantinga oid yangi qarori qabul qilinmagan.

Mavzuga oid