O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat tarmoqlaridagi 9 oylik natijalar va yil yakunigacha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

«Pandemiya oqibatlari sanoat ishlab chiqarish sur'atlariga ham ta'sir o‘tkazmay qolmadi. Shu bois davlatimiz tomonidan har bir tarmoqni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi. Karantin davrida ham ishlab chiqarish davom etdi. Bularning natijasida sanoatda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan jiddiy yo‘qotishlarning oldi olindi.

E'tiborlisi, iqtisodiyotda yuqori qo‘shilgan qiymatni ta'minlovchi qayta ishlash sanoatida 9 oyda qariyb 3 foiz o‘sish qayd etildi. Xususan, elektr texnikasi ishlab chiqarish 25 foiz, to‘qimachilik mahsulotlari 12 foiz, metall rudalari qazish 7 foiz va qurilish materiallari 6 foizga o‘sdi.

Shuningdek, avtomobillar 1,5 baravar, elektr texnikasi mahsulotlari 1,3 barobar, to‘qimachilik tovarlari 16 foiz, mis sim 15 foiz ko‘p eksport qilindi.

Natijada yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur'ati 0,4 foiz ijobiy darajada saqlab qolindi va budjet daromadi 1,9 trillion so‘m ortig‘i bilan bajarilishiga erishildi.

Shu bilan bir qatorda, ayrim tarmoq va hududlarda ishlab chiqarishda qoloqlikka yo‘l qo‘yilgani oqibatida sanoat mahsulotlari bo‘yicha umumiy ko‘rsatkich 2,7 foizga kamaygan», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Yig‘ilishda bunga sabab bo‘lgan omillar tanqidiy tahlil qilinib, yil yakunigacha ishlab chiqarish hajmlarini ta'minlash chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, sanoat tarmoqlari va hududlarda yana qanday zaxiralar borligi, ularni ishga solish uchun nimalar qilish kerakligi batafsil muhokama qilingan.

«Sanoat korxonalari boshqaruv tizimida muammolar bor. Mahsulotlar tannarxini tushirish kerak. Bu raqobat muhitini yaratishning muhim asosidir», – deya ta'kidlagan prezident.

Avval neft-gaz tarmog‘idagi ishlar tahlil qilingan. Qoloqlikka yo‘l qo‘ygan korxonalar faoliyati tanqidiy baholanib, rahbarlarning lavozimlariga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqilgan.

Yil yakuni bilan tabiiy gaz qazib olishni ko‘paytirish, ichki bozorga qo‘shimcha gaz yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berilgan. Shuningdek, 740 ming tonna neft va kondensat qazib olish, 203 ming tonna suyultirilgan gaz va 125 ming tonna polietilen ishlab chiqarish vazifasi qo‘yilgan.