Ko‘rsatuvda hududiy futbol assotsiatsiyalari xodimlari maoshsiz ishlayotgani haqida so‘z boradi. Bu borada O‘FA vakili izoh berib, muammo tez orada barham berilishini aytgan, ammo mavzu shu bilangina yopiladi deb bo‘lmaydi.

Futbolchi klub bilan shartnomasida noaniqliklar va qing‘irliklar bo‘lsa, kimga murojaat qilsin? Klub futbolchi oldidagi majburiyatlarini bajarmasa, qayerga shikoyat qilgani durust? Maoshini ololmayotgan futbolchilar ishni nimadan boshlashi darkor? Shu kabi savollarga Futbolchilar huquqlarini himoya qilish xalqaro tashkiloti – FIFPro vakili batafsil javob beradi.

U dedik, bu dedik, OChLdagi yagona vakilimiz chorak finaldan ortga qaytganiga hammamiz turlicha fikr bildirdik. Murabbiyning o‘zi-chi, bu haqda qanday fikrda? U nimadan qoniqdi-yu, nimadan afsusda? Jamoa katta megaloyiha sifatida davom etadimi yo...?

Va nihoyat, muxlislar Jaloliddin Masharipovsiz «Paxtakor»ni ko‘rishga tayyorlanaverishsinmikin? Gruziyalik mutaxassis Shota Arveladze OChL va boshqa mavzularda gapirdi.

OChL haqida

– O‘zimdan qoniqdim, deyishim qiyin. Juda kerak paytimda betob bo‘lib qoldim. Taqdirimda koronavirus bo‘lish yozilgan ekan, shu virus qurg‘ur menga hamma kasal bo‘lgan paytda yopishsa bo‘lmasmidi... O‘sha paytda bo‘lganida, ehtimol, vaziyat hozir boshqacha bo‘larmidi.

Nachora, shunday bo‘lishi kerak ekan. Finalga bir qadam qolganida to‘xtadik. Juda alam qildi. Afsus, sizlar u yerda bo‘lmadingiz. Aks holda jamoamiz nafaqat kuchli, nafaqat bu ligani yutishga qodirligini, balki bu bilan yashaganimizni, barcha o‘y-xayollarimiz shunga qaratilganini, kubok bizniki ekanini barchamiz ichimizdan his qilib, sezib turganimizni ko‘rgan bo‘lardingiz. Ha, biz fikran va ruhan bunga tayyor edik. Jismonan tayyorligimizni-ku, aytmasam ham ko‘rdingiz. Qasam ichib aytamanki, final va kubok nigohlarimiz oldidan o‘tib ketdi.

6 o‘yin o‘tkazdik. O‘yindan o‘yinga kuchayib bordik. U yerda haqiqiy karantinda yashadik: mehmonxona – mashg‘ulot – o‘yin. Bo‘ldi, hech qayerga chiqish yo‘q. Shunday tig‘iz grafikda, o‘ylaymanki, yomon qatnashmadik turnirda. Xudo bizga bu kubokni darrov in'om etmaganida ham bir hikmat bor – biz yana va yana intilaveramiz, yildan yilga kuchayamiz, o‘samiz, rivojlanamiz va futbol bir yerda to‘xtab qolmasligi uchun ishlaymiz. Bu yaxshilikka!

«Jaloliddinning foli bo‘lmaganida...»