Sport | 14:45 / 25.10.2020
9060
3 daqiqa o‘qiladi

«Indzagi menga ishonch bildirmoqchi ekanligini sezgandim». Jasur Jaloliddinov Italiya klubiga amalga oshmay qolgan transferi haqida

Moskvaning «Lokomotiv» klubidan ijara asosida «Tambov»ga o‘tgan o‘zbekistonlik yarimhimoyachi Jasur Jaloliddinov «Match» telekanaliga bergan intervyusida Italiyaning «Benevento» klubiga amalga oshmay qolgan transferi va Rossiya Premer-ligasi variantini nega tanlagani haqida gapirdi.

— «Bunyodkor» bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev sizni 2020 yilning yozida «Benevento» klubi bilan shartnoma imzolashingiz haqida gapirgandi. Bu transfer nega amalga oshmay qoldi?

— 2019 yilning qishida Italiyaga borib, «Benevento» mashg‘ulotlarida ishtirok etganimdan keyin transfer amalga oshishi uchun 18 yoshga to‘lishimni kutish kerak edi. Tug‘ilgan kunim 15 may kuni bo‘lib, ular mavsum yakunida aniq javobni aytishlari lozim edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli bu ishlar to‘xtab qoldi.

Shunga qaramay, «Benevento» menejyerlari bilan doimiy aloqada edik, ular mavsum restartigacha kutib turishimizni so‘rashgandi. Keyin esa mavsum yakunlanishini kutishimizni aytishdi. Jamoa ko‘proq yoshlarga ishonch bildiradimi yoki tajribali futbolchilarga suyanadimi – aniq bir qarorga kelmoqchi edi. Aslida Italiya klubi menga aniq va lo‘nda qilib «yo‘q», deya javob berganida O‘zbekistonda qolgan bo‘lardim. Italiyadan aniq javob kelmagach, kelajagim borasida tavakkal qilishni istamadik va «Lokomotiv» taklifini qabul qildik.

Aslida «Benevento»dagi mashg‘ulotlarda bosh murabbiy Filippo Indzagining menga ishonch bildirmoqchi ekanligini sezgandim. Italiyadagi ko‘rik davomida u doim yonimga kelib italiyan tilida ko‘rsatma va tushuntirishlar berardi. Ammo muammo shundaki, men italiyanchani bilmasdim! Shunga qaramay, Indzagi imo-ishoralar bilan qayerda qanday o‘ynash kerakligini tushuntirar, men esa qiyinchilik bilan uning fikrlarini ilg‘ab olardim. Albatta, murabbiyning ko‘rsatmalarini bajarishga intilardim, ammo baribir bir-birimizni o‘zaro tushunishimiz qiyin kechgandi.

— Indzagi ingliz tilida gaplashsa yaxshiroq bo‘larmidi?

— Albatta. Inglizchani tushunaman.

— Sizga nega tarjimon berishmadi?

— Tushunishimcha, bu klubda hamma italyan tilini bilishi lozim ekan. Boshlanishiga hech kimga tarjimon berishmasdi. Qolaversa, jamoada inglizchada gaplashadiganlar ham ko‘p emasdi. Tarkibda hattoki 9 oydan buyon tilni o‘rganmayotgan futbolchi bor edi, uni hech kim tushunmasdi. Shu bois u bilan shartnomani bekor qilishgandi, - deydi Jasur Jaloliddinov «Match» telekanaliga bergan intervyusida.

Ma'lumot uchun, yozda «Bunyodkor»dan 350 ming yevro evaziga «Lokomotiv»ga o‘tgan 18 yoshli yarimhimoyachi Moskva klubi bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekkandi. «Temiryo‘lchilar» Jasur Jaloliddinovni 2021 yilning yoziga qadar «Tambov» klubiga ijaraga berishdi.

Mavzuga oid