Mashinada baland musiqa eshitish uchun jarima. Bu bor gapmi?

Suhbatning dastlabki qismida vazirlik vakillari hali loyihasi ko‘rib chiqilayotgan baland ovozda musiqa eshitib ketayotgan haydovchiga jarima belgilash tartibi haqida gapirishdi. Polkovnik Erali Bozorovga ko‘ra, bunday loyiha ishlab chiqishga fuqarolarning talablari ham sabab bo‘lgan. Uning aytishicha, maqsad haydovchini jarimaga tortish emas, ularni qonunga itoatkorlikka o‘rgatish. Polkovnik maktab, bog‘chalar oldidagi mashinalarda baland ovozda musiqa qo‘yilishi dars o‘tish jarayoniga xalaqit bergani ham loyihani ishlab chiqish jarayonida o‘rganilganini ma'lum qildi.

Erali Bozorov

Xo‘sh, musiqani balandlatib ketayotgan haydovchini qanday aniqlash mumkin? Axir u postlarga yaqinlashganda ovozni pastlatib oladi-ku? Ma'lum bo‘lishicha, bu bo‘yicha aniq reja mavjud emas va u qonun qabul qilingach, ishlab chiqiladi. Suhbatdoshimiz katta ehtimol bilan bunday qoidabuzarliklar zamonaviy texnologiyalar yordamida aniqlanishini aytdi.

Noodatiy faralar

Ko‘chalarda har xil faralar qo‘yilgan mashinalarni ham tez-tez uchratish mumkin. Bunday qoidabuzarlar faqat tunda aniqlanishiga qaramay, ularning soni kam emas. Polkovnik Erali Bozorovning aytishicha, yil boshidan buyon 11 mingdan ortiq yoritish chirog‘ini belgilangan normadan boshqacha qilib olgan haydovchilar aniqlanib, jarimaga tortilgan.

Qurilish ko‘p, ekologiyaga zarar ham ko‘p...

Oxirgi yillarda O‘zbekiston qurilish maydoniga aylanib qoldi. Butun mamlakat bo‘ylab qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Tabiiyki, bunday vaqtda yuk mashinalarining harakati ko‘payadi. Hatto ular harakatlanishi mumkin bo‘lmagan shahar ko‘chalarida ham. Ularning tabiatga keltirayotgan zarari bilan ham kimdir qiziqadimi? Suhbatdoshlarimizning aytishicha, yilda bir marta o‘tkaziladigan texnik ko‘rikda yuk mashinalari alohida talablar asosida tekshiriladi va tabiatga keragidan ortiq zarar yetkazayotgan mashinalar hujjat ololmaydi. Keyin, yilda ikki marta ekologik reydlar o‘tkaziladi. Qurilishda ishlayotgan mashinalar qurilish korxonalari tomonidan yuvib, ko‘chaga zarar yetkazmaydigan holatda maxsus ruxsatnoma bilan chiqarilishi kerakligi ham aytildi. Aftidan, doim ham bunday talablar foyda beravermaydi, axir ko‘chalarda har kuni ayamay qop-qora tutun chiqarayotgan va ko‘chalarni changitib ketayotgan yuk mashinalarini ko‘ramiz...