Jahon | 15:56 / 28.10.2020
13410
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston hukumati Rog‘un GESni kelgusi yilda qurib bitirish uchun pul qidirmoqda

2008 yildan buyon ushbu stansiyada obektlarni qurish uchun 25,3 milliard somoniydan ortiq mablag‘ ajratilgan.

Foto: Facebook /khadamotimatbuot

Tojikiston rahbariyati tegishli ishchi guruhga 2021 yilda Rog‘un GES qurilishining moliyalashtirish manbalarini topish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish haqida topshiriq berdi. Bu haqda mamlakat Energetika va suv resurslari vazirligi xabar qilgan.

Joriy yilning oktabr oyi o‘rtalarida respublika prezidenti Imomali Rahmon ushbu stansiya quruvchilari bilan uchrashuvda ishlar tiklangan 2008 yildan buyon stansiya qurilishiga 25,3 milliard somoniydan ko‘proq mablag‘ ajratilganligini ta'kidladi.

«Faqatgina 2020 yilda qurilish ishlariga davlat budjetidan qariyb 3 milliard somoniy ajratiladi», - dedi u. 

Avvalroq, Rog‘un GESni qurib bitkazish uchun 2,1 milliard somoniy budjet mablag‘larini ajratish rejalashtirilganligi haqida xabar berilgan edi.

Moliya vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi yarmida ushbu stansiyada obektlarni qurish uchun 1,3 milliard somoniy miqdorida budjet mablag‘lari ajratildi.

Ayni paytda Rog‘un loyihasidan tashqari, mamlakat energetika sohasida qiymati 13,3 milliard somoniydan ortiq bo‘lgan yana 12ta davlat investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. 

2018 yil noyabr va 2019 yil sentabr oylarida foydalanishga topshirilgan Rog‘un GESning ikkita gidroagregati ishga tushirilgandan buyon shu yilning sentabr oyigacha 1,7 milliard kilovatt soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqardi. 

Umuman olganda, Rog‘un GES mashina zalida 600 MVt quvvatli oltita gidroagregatni turbinalar bilan jihozlash rejalashtirilgan. 

Hozirda 12,7 mingdan ziyod quruvchi 3824ta mashina va mexanizmlardan foydalangan holda Rog‘un GESni qurish bilan shug‘ullanmoqda. 

Stansiya 2033 yilgacha to‘liq qurib bitkazilishi kutilmoqda. Rog‘un to‘liq ishga tushirilgandan so‘ng, u yerda o‘rtacha yillik elektr energiyasi ishlab chiqarish 17 milliard kVt/s.dan oshadi. 

Mavzuga oid