Sayt ommalashib, obunachilari soni oshib borishi barobarida tahririyat jamoasi ham tajribali, ham yosh jurnalistlar bilan kengayib bormoqda. Ayni paytga kelib, Kun.uz barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida doimiy muxbirlariga ega.

Sayt muxbirlarining tanqidiy maqolalari va reportajlaridan so‘ng ko‘plab muammolar qonuniy yo‘l bilan hal etilishiga erishilmoqda. Bu, albatta, mehnatlarimiz samarasiz ketmayotganining tasdig‘i sifatida kishini xursand qilmasdan qolmaydi.

Biroq, faoliyatimiz davomida Kun.uz nomidan ish ko‘ruvchi soxta muxbirlar ham paydo bo‘layotgani haqidagi ma'lumotlarni eshitmoqdamiz. Ularning tahririyatga hech bir aloqasi bo‘lmasa-da, turli tashkilot va idoralar eshigini Kun.uz nomidan borib taqillatishmoqda.

Bunday soxta muxbirlarning asosiy maqsadi voqelikni xolis yoritish emas, yo‘q joydan kamchilik topib, korxona va tashkilotlar rahbarlarini eng ommabop saytlardan biriga olib chiqib, sharmanda qilish bilan qo‘rqitish orqali tovlamachilik qilayotgani kishini ham g‘azablantiradi, ham taajjubga soladi.

Boz ustiga, undaylar «ishingni hal qilib beraman», deb murojaatchilardan ham turli xarajatlar uchun pul olishayotgani hech bir qolipga sig‘maydi.

Kuni kecha tahririyatning Toshkentdagi ofisiga kelgan qashqadaryolik fuqaro, «Feruza» ismli shaxs murojaatini «Kun.uz saytida chiqartirib beraman» deb undan 300 AQSh dollari miqdorda pul olganini ma'lum qildi.

O‘zini «Andijon televideniyesida ishlayman» deb tanishtirib yurgan yana bir ayol fuqarolardan xayriya aksiyalarini Kun.uz sahifalarida chiqarib berishni va'da qilib, turli miqdorlarda pul mablag‘larini talab qilayotgani ma'lum bo‘ldi.

Afsuski, tahririyatimizga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan bunday kimsalar fuqarolarda Kun.uz saytiga nisbatan salbiy taassurot uyg‘onishiga sabab bo‘lmoqdalar.

Tamagirlik va tovlamachilik kabi holatlarning oldini olish maqsadida tahririyat shtatidagi xodimlar haqidagi ma'lumotlar Kun.uz jamoasi bo‘limida joylashtirilganini yana bir bor eslatib o‘tishni lozim topdik.

Murojaatchilar bilishi lozimki, siz tahririyatga yo‘llagan murojaatni o‘rganish uchun Kun.uz muxbiri sizdan hech qanday pul yoki xizmat talab qilmaydi. Barcha xarajatlar tahririyat hisobidan qoplanadi. Shuningdek, saytda xayriya aksiyalarini e'lon qilish ham mutlaqo bepul bo‘lib, buning uchun biror bir to‘lov undirilmaydi.