Kurgandagi koronavirusga qarshi kurashga jalb etilgan shifoxonalar jamoalari tomonidan imzolangan murojaatnoma nusxasi BBC nashriga ham kelib tushgan: unga shahardagi №2-sonli shifoxona, oblast klinik kasalliklar shifoxonasi, Tez tibbiy yordam shifoxonalari va №2-sonli poliklinika shifokorlari murojaatga imzo chekishgan. Murojaat nusxalari hukumat rahbari Mixail Mishustinga va Rossiyaning bosh sanitar vrachi Anna Popovaga ham jo‘natilgan.

Murojaat mualliflari hududiy ma'murlarni zarur choralarni ko‘rmaslikda, muammolarni yashirishda va statistikani sezilarli darajada pasaytirib ko‘rsatishda ayblashgan. «Biz so‘raymizki, vaziyatga mahalliy amaldorlarning so‘zlari bilan baho berilmasin, hududga komissiya yuborilsin, komissiya a'zolari pandemiya davrida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq vaziyat jahannamdan farq qilmasligiga o‘z ko‘zlari bilan guvoh bo‘lishsin», deyiladi murojaatda.

Uni imzolagan tibbiyotchilar hududdagi «sog‘liqni saqlash tizimi to‘liq kollaps holatiga kelgani»ni ma'lum qilishgan. Shifokorlar buning belgilari sifatida shifoxonalarda joy qolmagani, shuningdek, tibbiy xodimlar yetishmayotgani, tez yordam xizmatiga tushayotgan yuklamani keltirib o‘tishgan. «Bemorlar tez yordam brigadasi kelishini kunlab kutishmoqda, poliklinikadan shifokor kelishi esa bir hafta yoki o‘n kungacha kechikmoqda», deyiladi maktubda.

O‘z tajribalari va mintaqadagi korxonalarda kasallik avj olishi bo‘yicha kuzatuvlariga asoslangan holda shifokorlar «barcha korxonalarda kasallik nazorat qilib bo‘lmas darajaga yetgani» haqida yozishgan. Ular shifoxonalar va poliklinikalar xodimlari orasida, shuningdek, mintaqa hukumati va shahar ma'muriyati, sog‘liqni saqlash departamenti hamda «Rospotrebnadzor»ning hududiy boshqarmasi xodimlari orasida ham kasallik keng tarqalganini qayd etib o‘tishgan.

«Hatto Italiyaning Lombardiyasidagi eng og‘ir vaziyat Kurgan oblastidagi vaziyat oldida shunchaki ertak», deyiladi murojaatda.

Shifokorlarning prezidentga murojaati Ura.ru resursiga joylashtirilgach, Kurgan sog‘liqni saqlash departamenti operativ shtabning hududiy telegram-kanali orqali «tibbiy xodimlarning 80 foizi kasallangani yoki kasallikni boshdan kechirgani» haqidagi ma'lumot rost emasligini bildirdi.

Shu bilan birga, hududiy departament «Kurgan oblastida tibbiy xodimlarga va davolash muassasalariga yuklama haddan tashqari yuqori ekani»ni tan olgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, Kurgan oblasti Rossiya regionlari orasida shifokorlar bilan ta'minlanganlik darajasi bo‘yicha so‘nggi o‘rinda turadi - 2018 yilda ularning soni har 10 ming kishiga 24,2 nafardan to‘g‘ri kelardi, 2019 yilda esa ko‘rsatkich yanada kamaygan - 23,8. Rossiyada 2018 yilda bu bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich har 10 ming kishiga 37,4 nafarni tashkil etgan.