Toshkent shahar ma'muriy sudida «UzAuto Motors» AJning O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasining 2020 yil 19 avgustdagi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayoni davom etdi.
Kun.uz muxbirining xabar berishicha, kompaniya tijorat siriga oid, shuningdek, sudga taqdim etilgan maxfiy hujjatlar muhokamasi yopiq sud tartibida o‘tkazilgandan so‘ng, sud yana ochiq majlisda muhokamani davom ettirdi.

Dastlab Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi vakili Sardor Otamuradov sudga iltimosnoma bilan murojaat qilib, mazkur ishning yakuniy natijasidan manfaatdor iste'molchilar hamda «Azim avtomotive» MChJni mustaqil talab bilan arz qilmaydigan uchinchi shaxs sifatida sudga jalb qilishni so‘radi. Prokuror iltimosnomani qo‘llab-quvvatlab, javobgar iltimosini qanoatlantirishni so‘radi. Ammo sudya G‘olib Davlatov iltimosnomani rad etdi.
Shu orada sudga noma'lum shaxs kirib kelib, «UzAuto Motors» ishida guvoh sifatida chaqirilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sud kotibi telefon qo‘ng‘irog‘i orqali uni guvohlikka chaqirgan. U qo‘lida bo‘lgan qog‘ozni sudyaga topshirdi. Sudya Davlatov qog‘oz bilan tanishib chiqqach, ushbu shaxsni sud majlisini kuzatib o‘tirishi mumkinligini tushuntirdi, ammo u zalni tark etdi.
Keyinroq sudya G‘olib Davlatov zalga kirib kelgan kishining shaxsiga aniqlik kiritib, u «UzAuto Motors»ga murojaat qilgani, javobdan norozi bo‘lgan taqdirda yuqori turuvchi organga murojaat etishi mumkinligi bayon etilgan xatni sudyaga taqdim etganini bildirdi.

Sardor Otamuradov sudga ikkinchi iltimosnoma bilan murojaat qilib, unda «UzAuto Motors» AJ vakili Nargiza Otaxonovaning tuhmat va haqoratdan iborat bo‘lgan xatti-harakatlariga qonuniy baho berishni so‘radi. Ya'ni sudning o‘tgan ikkinchi yig‘ilishida Otaxonova nutq irod etib, so‘zlarida qo‘mitaning ma'lumoti soxta ekanini bildirgandi. Otamurodov aynan shu Nargiza Otaxonovaning so‘zi yuzasidan sudya huquqiy baho berib o‘tishi shartligini eslatdi. Mazkur iltimosnoma yuzasidan taraflar fikri so‘ralgach, sudning yakuniy hal qiluv qarori e'lon qilinganda tushuntirish berilishi ma'lum qilindi. Yakunda esa Otamurodovga ushbu masala yuzasidan asoslantiruvchi dalil va isbotlar bilan huquq-tartibot organlariga murojaat etishi tushuntirildi.


















