Jomasho‘ydagi kanalizatsiya muammosi: masala qachon yechim topishi noma'lumligicha qolmoqda
Namangan viloyati Mingbuloq tumanidagi Jomasho‘y shaharchasida 56ta ko‘p qavatli uy va 16 ta ijtimoiy soha obektida markazlashgan kanalizatsiya tizimi mavjud emas. Muammoni hal etish masalasi prezidentning 2019 yil 28 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatiga tashrifi davomida ko‘tarilgan edi.
Prezident tashrifi davomida berilgan topshiriqlar va kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan yig‘ilish bayonining 6-bandiga ko‘ra, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligiga Namangan viloyatining Chust, Pop tumanlari hamda Jomasho‘y shaharchasi kanalizatsiya tizimlarini qurish istiqbolli loyihalarining moliyaviy manbalarini aniqlash va ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga axborot berish vazifasi yuklatilgan edi.
Joriy yil 27 oktabr kuni Namangan shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zLiDeP press-klubi yig‘ilishida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sardor G‘iyosov mas'ul vazirlik vakillariga nima sababdan o‘zi deputat bo‘lib saylangan hudud tarkibiga kiruvchi Jomasho‘y shaharchasi kanalizatsiya tizimi shu kungacha dasturga kirmagani va 2021 yil dasturi bo‘yicha kiritilgan loyihalar ro‘yxatida ham ko‘rilmagani bo‘yicha savol bilan murojaat qildi.
Mutasaddi tashkilotlar tomonidan ushbu loyiha katta miqdorda mablag‘ talab etilishi va ushbu ishlarni amalga oshirishda xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan mablag‘lashtirish yo‘li bilan amalga oshirilishi aytib o‘tildi.
«To‘g‘risi, men boshqacharoq javob kutgandim. Chunki aholi menga qachon ishlar boshlanadi, degan savolni qo‘yadi», – deya mutasaddilar tomonidan berilgan javobdan qoniqmagani hamda aniq muddat ko‘rsatilmaganini ta'kidladi Sardor G‘iyosov.
Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, Jomasho‘y shaharchasi kanalizatsiya tizimini qurish ishlariga 85 mln dollar atrofida mablag‘ talab etiladi. Lekin shu kunga qadar ushbu mablag‘ manbasi hamda bajarilish muddati ko‘rsatilmagan.
«Tasavvur qiling, kanalizatsiya tizimi yo‘q, bu qancha noqulayliklar keltirib chiqaradi. Gigiyenik vaziyatning buzilishi turli yuqumli kasalliklar ko‘payishiga ham sabab bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qildi u.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, kanalizatsiya muammosi saylovoldi uchrashuvlarida va saylovdan keyin ham aholining ko‘plab e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Tohirjon Tursunov,
Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
13:25 / 14.09.2024
Namanganda mehmonga borgan ayolni terak bosib qolib vafot etdi
15:50 / 19.03.2024
“Hidiga chidab bo‘lmayapti”: O‘rta Chirchiqda mehmonxonaning kanalizatsiyasi ariqqa oqizilmoqda
11:09 / 17.03.2024
Navoiy va Surxondaryo viloyatlarida ichimlik suvi va oqova xizmatlar bo‘yicha yangi tariflar tasdiqlandi
17:44 / 31.01.2024