O‘zbekistonda ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash bo‘yicha «Yoshlar daftari» hamda ishsiz va boquvchisiz xotin-qizlar bo‘yicha alohida «Ayollar daftari» ro‘yxatlari tuzilmoqda.

Ro‘yxatga olinganlar bilan esa talab yuqori bo‘lgan kasblar va tadbirkorlikka o‘qitish, shu asosda biznesini yo‘lga qo‘yishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi orqali ishlanadi.

Kun.uz muxbiri Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Gulnora Ma'rufovaga «Ayollar daftari» ro‘yxati qanday tuzilishi, unga kirganlarga qo‘shimcha qanday yordamlar berilishi hamda tizimda korrupsiya va ko‘zbo‘yamachiliklarning oldini olish borasida qanday shaffof tizim yo‘lga qo‘yilishi haqida savollar bilan yuzlandi.

«Ayollar daftari» juda keng qamrovli bo‘ladi. U orqali imkon qadar barcha ayollarning muammosini yechish uchun ishlaymiz»

Gulnora Ma'rufovaga intervyu davomidagi birinchi savolimiz qanday sharoitdagi ayollar daftarga olinishi va ularga qanday shaklda yordam ko‘rsatishi borasida bo‘ldi.

Vazir o‘rinbosari bu borada dastlab pandemiya vaqtida o‘z ishini yo‘qotgan, mablag‘siz qolgan va kambag‘al oilalarga «Temir daftar» bo‘yicha turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatilgani hamda karantin yumshatilgandan keyin ular ham asta-sekin daftardan chiqarilayotganini ta'kidladi.

«Lekin qiynalgan oilalar hamon bor. Shularni inobatga olgan holda Prezident Mirziyoyev endi «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» tuzilishini ham e'lon qildi.

Bu daftarga chuqur o‘rganishlardan keyin muammolari bor va 30 yoshdan oshgan ayollar kiritilishi belgilangan. Masalan, qanday muammolilar? Biz ayollarning muammosini o‘rganishda hech kimni chetda qoldirmasligimiz kerak. Ya'ni qanday oila bo‘lishidan qat'i nazar, undagi har bir ayolning o‘z muammosi bor.

Deylik, moddiy ta'minoti yaxshi oiladagi ayolda psixik, sog‘liq jihatidan va aksincha, kambag‘al oiladagi ayolning tabiiy, iqtisodiy yoki boshqa bir muammosi bo‘lishi mumkin. Demak, bu daftar orqali nafaqat ayollarni ish bilan ta'minlash, balki psixologik, tibbiy, huquqiy va ko‘plab jihatlarda amaliy yordam ko‘rsatish masalasi turadi.

Deylik, ayol ichkilikka ruju qo‘ygan, u davolatiladi. Yolg‘iz ayolmi? Muammosi o‘rganilib, yordam ko‘rsatiladi. Ishsizmi? Ishga kirishi yoki o‘z tadbirkorligini boshlashiga yordam beriladi», – dedi u.