“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi. Hujjatda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashda moddiy yordam bilan birga, ularning ta’lim olishi, shaxsiy rivojlanishi va jamiyatdagi faolligini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab qo‘yildi.
Farmonga ko‘ra, quyidagilar asosiy maqsadlar etib belgilangan:
- “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 16 ming nafar yoshning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish;
- “Mutolaa” loyihasi doirasida ilmiy-ommabop va badiiy kitoblarni muntazam o‘qib boruvchi yoshlar ulushini 10 foizga oshirish;
- “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida xorijiy tillarni o‘zlashtirgan yoshlar ulushini 30 foizga yetkazish.
Farmonga muvofiq, 2026 yil 1 fevraldan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan belgilangan ijtimoiy yordam turlari Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy shartnoma orqali quyidagi shartlar asosida taqdim etiladi:
- ta’lim olishni uzluksiz ravishda davom ettirish;
- ta’lim jarayonida ijobiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichlariga erishish;
- volontyorlik faoliyatini amalga oshirish;
- “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarda qatnashish.
Mazkur yangiliklar “Yoshlar daftari” orqali ko‘rsatiladigan yordamni shunchaki nafaqat moddiy qo‘llab-quvvatlash, balki yoshlarning bilimli, faol va mas’uliyatli avlod sifatida shakllanishiga xizmat qiluvchi kompleks tizimga aylantirishni ko‘zda tutadi.








