Milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffus oldidan Yevropa maydonlarida chempionatlar doirasidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Bu safar ham qiziqarli o‘yinlar ko‘p va tabiiyki, klublar tanaffusga yaxshi natija va kayfiyat bilan chiqib ketishni istaydilar. An'anaga ko‘ra e'tiboringizga haftaning muhim uchrashuvlari anonsini havola qilamiz.

EVeRTON – MANCheSTeR YuNAYTeD (7 noyabr, 17:30)

Juma kuni APLda ikki uchrashuv o‘tkazilgan bo‘lsa-da, eng qiziqarli o‘yinlar shanba kuni, “Guddison Park”dan boshlanadi. Deyarli o‘xshash holatga tushib qolgan ikki jamoa “qora bulutlar”ni quvishga urinib ko‘radi. Tabiiyki, boshida yaxshiroq start olgan va status jihatidan pastroq bo‘lgan “Everton”da bosim kamroq.

Sulsher esa, so‘nggi ikki yilda bir necha marotaba mana shunday vaziyatga tushib turibdi. Nuqul “Yunayted” biror umidsiz holatga tushib qoladi, nashrlar Sulsherning ketishi-yu, Pochettino yoki Allegri nomzodlari haqida gapira boshlaydilar. Va shundan keyin birdaniga jamoa kutilmaganda, ijobiy seriyani boshlaydi, tanqidlar unutiladi. O‘tgan yili bu vaziyat “Manchester Siti” va “Tottenhem” ustidan qozonilgan g‘alabalar bilan o‘nglangan bo‘lsa, joriy mavsum boshidagi sharmandali 1:6 YeChLda Parijdagi g‘alaba bilan xaspo‘shlandi. Endi esa jamoa qatorasiga ikki o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Ba'zilar “Everton” bilan o‘yinda vaziyat yana o‘nglanishi haqida aytayotgan bo‘lishsa-da, ammo Sulsher davridagi davomli “Amerika tepaliklari”ga barham berilishi va natijalar qandaydir barqarorlik kasb etishi kerak.

Angliyada ba'zi manbalar Vudvord allaqachon Pochettino bilan aloqaga chiqqanini yozayotgan bo‘lsa, ishonchliroq nashrlar aksincha, klub uzoq muddatga murabbiyga ishonayotgani, yaqin o‘yinlardagi natijalar ham hatto bu qarorga ta'sir o‘tkazmasligi haqida ma'lumot tarqatishdi. Ammo nima bo‘lganda ham, qatorasiga uchinchi mag‘lubiyat Sulsherning nafaqat boshqaruv, balki futbolchilar orasida ham e'tiborini tushirib qo‘yishi mumkin.

Mavsum boshida butun Yevropa qarsak chalgan “Everton” ham qatorasiga uch o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti. “Liverpul” bilan durang Anchelotti shogirdlari uchun ijobiy natija sifatida qabul qilinishi mumkindir, ammo keyingi turlarda “Sauthempton” va “Nyukasl”dan mag‘lubiyatlar “Everton”ning o‘ylaganimizdan kuchsizroq ekanini ko‘rsatmoqda. Xamesning jarohati va Risharlisonning diskvalifikatsiyasi jamoa o‘yinidagi xotirjamlikni va salobatni yo‘qotib qo‘ygandek.

“Yunayted”ga qarshi o‘yinda Anchelottiga Koulmen, Gomesh va Godfrilar yordam berishi shubha ostida turibdi. Ikki tur oldin qizil kartochka olgan Lyuka Din bo‘yicha klubning arizasi qabul qilindi va himoyachining diskvalifikatsiyasi qisqartirildi. U maydonga tushishi mumkin. Risharlisonning qaytishiga esa, yana bir tur bor. “Yunayted” safida esa, nihoyat Marsiyal uch o‘yinlik diskvalikatsiyani o‘tab qaytmoqda. Aleks Telles virusdan tuzaldi, ammo to‘liq mashg‘ulotlarga kirishgani yo‘q. Belidan jarohati tufayli Turkiyada o‘ynamagan Lindelofning qaytishi ham so‘roq ostida.