Qadrli do‘stlar!  

Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g‘oyat mas'uliyatli va sharafli ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni kasb bayramingiz – Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Xalqimiz sizlarni dunyodagi eng ulug‘ kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, o‘z ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi. 

Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam salomatlik posbonlari bo‘lib maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. 

Ushbu xavfli kasallikka chalingan ming-minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bag‘riga qaytayotganida, hech shubhasiz, sizlarning beqiyos xizmatlaringiz bor. 

Fursatdan foydalanib, bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o‘z hayotini xavf-xatarga qo‘yib, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli tibbiyot xodimlari! 

Biz o‘z oldimizga xalqimizni har tomonlama rozi qilishdek ulug‘ vazifani qo‘ygan ekanmiz, bu maqsadga erishish yo‘lida  sog‘liqni saqlash tizimini jadal rivojlantirishga birinchi darajali ahamiyat qaratmoqdamiz.

Keyingi to‘rt yilda bu borada sizlar bilan birga ulkan ishlarni amalga oshirdik. Bu davrda sohaga doir 200 ga yaqin me'yoriy-huquqiy hujjat, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilinganini qayd etish lozim. 

Yurtimizda birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar takomillashib bormoqda. Onalar va bolalar o‘limining oldini olish, kasalliklarni barvaqt aniqlash, oilalarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, tibbiy madaniyatni oshirish, aholining o‘rtacha umr ko‘rish darajasini uzaytirish bo‘yicha sezilarli natijalar qo‘lga kiritilmoqda. 

Ma'lumki, 2020 yil O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimi uchun mislsiz sinov, ayni vaqtda izchil rivojlanish, yangi tajriba orttirish yili bo‘ldi. 

Soha rivoji uchun davlat budjetidan 14,8 trillion so‘m yoki 2019 yilga nisbatan 1,2 barobar ko‘p mablag‘ ajratilgani, shuningdek, Investitsiya dasturiga muvofiq ushbu tizimga 1,15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, katta ishlarni amalga oshirish imkonini berdi. Jumladan, markazda va joylarda qisqa muddatda davolash-profilaktika muassasalari, karantin zonalari hamda saralash-taqsimlash markazlari barpo etildi, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 4 ming o‘rinli ko‘p tarmoqli maxsus shifoxona ishga tushirildi.