Bugun tibbiyot xodimlari bayrami kunini shifokor, hamshira, umuman tibbiyot sohasining qay bir vakili borki, o‘z ish joyida yoki oila davrasida nishonlamoqda.

Kasb bayramini nishonlayotganlar orasida yana shunday bir ayol ham borki, biz uni shifokor emas, ko‘proq tajribali rahbar, xotin-qizlar masalasida barchamizga yaxshi tanish bo‘lib qolgan inson sifatida bilamiz.

Demak, navbatdagi suhbatdoshimiz – tibbiyot fanlari doktori Elmira Bositxonova.

Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari bilan suhbatimiz avvalgilaridan farqli ravishda tizimdagi muammolar, topshiriqlar ijrosi va shu kabilar haqida emas, balki bir shifokor hayoti, bu kasbning o‘ziga xos murakkabliklari, shifokor o‘zbek ayolining quvonch-u tashvishlari hamda uning rahbarlik darajasiga ko‘tarilib borishdagi past-u balandlikka to‘la yillar haqida.

— Elmira opa, nima uchun kasb sifatida aynan shifokorlikni tanlagansiz va bu sohaga kirib kelishingiz, shifokorlikdagi ilk yillaringizni qanday eslaysiz?

— Insonda kasb haqida orzuning paydo bo‘lishi oiladagi muhitga bog‘liq. Mening otam shifokor bo‘lgan. U kishi Toshkent tibbiyot institutida o‘qituvchi edi. 35 yoshida ish joyida yurak xurujidan vafot etgan. O‘sha paytda men 9 yoshda edim.

Maktabda a'lo baholarga o‘qiganman. Ko‘proq matematika faniga qiziqardim. 8-sinfligimda ammalarim mendan kelgusida qaysi kasbni egallamoqchi ekanligimni so‘rashganida, matematik bo‘laman, deb javob bergan edim. Shunda ular: «Yo‘q, qiz bolaga matematik bo‘lish yarashmaydi, sen ota kasbni davom ettirib, shifokor bo‘lasan», deyishgan. Va menga otamning qanday inson bo‘lgani haqida aniq tushuncha berishgan.

Shundan keyin o‘zim ham ota kasbni davom ettirishni xohladim va 1975 yil Toshkent tibbiyot institutiga o‘qishga kirdim. O‘zim ko‘z shifokori bo‘lishni xohlaganman, lekin 5-kurs oxirida kasblar taqsimlanayotganda men tug‘ruqxonada edim va shuning uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri shoshilinch tibbiy yordam bo‘limiga taqsimlab yuborishgan.

Shoshilinch yordam kasalxonasida ishlab yurganimda reanimatsiya bo‘limiga mutaxassis zarur bo‘lib qoldi va men ustozim, professor, xirurg Nadejda ismli ustozimning tavsiyasi bilan reanimatsiya bo‘limiga ishga o‘tdim.

Umuman, tasodiflar va oiladagi tavsiyalarga ko‘ra shu kasbga kirib kelganman.