35 yildan ortiq vaqt davomida Delaver shtatidan senator bo‘lgan va 44-prezident Barak Obama ma'muriyatida vitse-prezident lavozimini egallagan Bayden demokratlar partiyasining eng obro‘li va tajribali vakillaridan biri hisoblanadi. 2021 yil 20 yanvarda bo‘lib o‘tadigan inauguratsiya marosimi vaqtida u 78 yoshda bo‘ladi: shu tarzda Bayden AQSh tarixidagi eng yoshi ulug‘ prezidentga aylanadi.

Jo Bayden AQShning yangi prezidenti bo‘ladi. Tramp mag‘lubiyatni tan olmayapti. Asosiy ma'lumotlar

Yoshligi
Kichik Jozef Robinett Bayden 1942 yilda Pensilvaniya shtatining Skranton shahrida tug‘ilgan. U amerikan-irland katoliklari oilasida to‘rt farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan. Otasi katta Jozef Robinett Bayden (1915-2004) bankrotga uchragan tadbirkor edi. U Jo o‘rta maktabda o‘qiyotganida yana oyoqqa turadi va muvaffaqiyatli avtomobil sotuvchisiga aylanadi.

Jo Bayden 25 yoshida, 1967 yil / ALAMY

Maktabda tutuqlanib gapirgani uchun Baydenning jig‘iga tegishardi. Ammo bo‘lg‘usi vitse-prezident oyna qarshisida she'r o‘qish mashqlari bilan nutqidagi kamchiliklarni tuzatadi.

Bayden dastlab Delaver shtatidagi universitetda tarix va siyosatshunoslik bo‘yicha o‘qiydi. Keyin esa Nyu-Yorkdagi Sirakuza universitetida huquqshunoslikni o‘rganadi hamda bu yerda birinchi rafiqasi Neliya bilan tanishadi.

O‘qishni tamomlagach Bayden Delaver shtatining Uilmington shahridagi yuridik firmada faoliyatini boshlaydi.

Rafiqasi va qizini yo‘qotishi
Jo Bayden o‘z yaqinlarini yo‘qotish nima ekanligini juda yaxshi biladi. Oilasidagi fojialar sababli u siyosiy faoliyatini bir emas, ikki marta to‘xtatish yoqasiga kelgan.

Bayden, rafiqasi Neliya va o‘g‘illari 30 yoshli senatorning g‘alabasini nishonlashmoqda. 1972 yil 20 noyabr

Birinchi marta bu 1972 yilda ro‘y bergandi. Bayden o‘shanda 29 yoshida Delaver shtatidan senatorlik posti uchun tajribali respublikachi Jyeyms Kalebu Boggsga chaqiriq tashlagandi.