Toshkent shahar ma'muriy sudi sudyasi G‘olib Davlatov «UzAuto Motors»ning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maxsus komissiyasi qarorini haqiqiy emas, deb topish to‘g‘risidagi arizasini qanoatlantirgandi. Shu yilning 30 oktabr kuni sud qarori o‘qib eshittirilgan va unga sharh berilgan.
Unda sudya «UzAuto Motors» tomonidan chiqariladigan avtomobillarning narxlari asossiz oshirilganlik holatlari yo‘q, degan xulosadan yiroqdaligini ta'kidlab o‘tdi. Tabiiyki, maxsus komissiya qarorida mashinalar narxi asossiz oshirilganligi ta'kidlangandi. Sudya buni inkor etmadi.

G‘olib Davlatov o‘z hal qiluv qarorini tushuntirishda qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan moddiy huquq normalari emas, balki ishni ko‘rib chiqishdagi protsessual huquq normalari buzilganligini e'tirof etdi.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi tegishli qarorining 20-bandiga ko‘ra, ishni mazmunan ko‘rib chiqishda, sud ahamiyatga ega bo‘lgan barcha holatlarni, xususan, ma'muriy organ yoki mansabdor shaxs tomonidan qaror qabul qilish, harakatni amalga oshirish tartibiga rioya etilgan-etilmaganligini (basharti normativ-huquqiy hujjatlarda bunday talablar (shakl, muddatlar, asoslar, tartib-tamoyil va h.k.) belgilangan bo‘lsa) sinchkovlik bilan tekshirishi lozim. Bunda shuni nazarda tutish lozimki, qaror qabul qilish, harakatni amalga oshirish tartibiga rioya qilmaslik, faqat, basharti bu holat uning qonuniyligiga ta'sir qilgan holdagina, arizani (shikoyatni) qanoatlantirish uchun asos bo‘lishi mumkinligi belgilangan.















