O‘zbekiston ta'lim tizimida ham 2021/22 o‘quv yilidan boshlab 1–6-sinflarda tabiiy fanlarni o‘zida jamlagan «Tabiiy fan» (SCIENCE) joriy etilishi haqida xabar berilgan edi.

Kun.uz muxbiri mazkur mavzuga aloqador savollarga javob olish, yangi fanning qay tartibda joriy etilishi haqida ma'lumot olish uchun Respublika Ta'lim markazi direktori o‘rinbosari Mehriniso Pardayeva bilan bog‘landi.

«Tabiiy fan o‘quvchiga fanlarni o‘qish qiyin emas, qiziq bo‘lishiga yordam beradi...»

— Tabiiy fan (SCIENCE) amalga kiritilishidan oldin xalqaro amaliyot, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xususiy va xorijiy maktablar tajribasi o‘rganildi.

Yangi fan o‘quvchilarni kichik yoshidan tabiiy fanlarni o‘qishga rag‘batlantirish, ularda olam haqida yaxlit tasavvur paydo qilishga yordam beradi. Buning bilan bola tabiiy fanlar, jumladan fizika va kimyo qiyin emas, qiziq fanlar ekanini anglaydi va uni o‘rganishga o‘zida rag‘bat sezadi.

Tabiiy fan (SCIENCE) qaysidir fandan voz kechish yoki qaysidir fanning o‘rniga joriy etilayotgani yo‘q. Aksincha, u ta'lim sifatini oshirish uchun mavjud fanlarni integrativ tarzda o‘qitilishini ta'minlaydi.

Tabiatda yuz berayotgan hodisalarni, masalan, yomg‘ir hodisasini o‘rganish jarayonida bola uning tarkibi (biologiyaga oid tushunchalar), fizik xususiyatlari, qaysi fasllarda va qayerlarda ko‘proq yog‘ishi (geografik xususiyati), yomg‘ir ta'sirida Yerda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, o‘simliklar uchun foydasi haqida ma'lumotga ega bo‘ladi.

Mazkur fan 1–2-sinflarda «Atrofimizdagi olam», 3–4-sinflarda tabiatshunoslik, 5–6-sinflarda esa 3 ta alohida fan – geografiya, biologiya va fizika fanlari mazmunini va kimyo fanining boshlang‘ich tushunchalarini uyg‘unlikda o‘qitadi. 7-sinfdan boshlab esa biologiya, geografiya va iqtisodiyot, fizika, kimyo fanlari alohida o‘qitiladi.

«Yangi tartibning joriy qilinishi 5 yilgacha muddatni oladi»

— Tabiiy fan (SCIENCE) bosqichma-bosqich tarzda joriy qilinadi. Birinchi bosqich 2021/22 o‘quv yilida 1–2-sinflarda, keyin boshqa sinflarda joriy qilinadi.

Bu muddatda yangi o‘quv yili boshlangunga qadar 1–2-sinf o‘qituvchilariga mazkur fanni o‘qitish bo‘yicha maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi va kelgusida fanni o‘qitadigan mutaxassis o‘qituvchilar ham tayyorlanadi. Zarur bo‘lsa, qayta tayyorlov kurslari tashkil etiladi.