16 noyabr kuni poytaxtimizdagi «Milliy» stadion anjumanlar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur tashkilotlarning mas'ul xodimlari, sportchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

2019 yil 3 oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi zimmasiga bir qator vazifalar yuklatilgan.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish va sog‘lig‘ini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oldidagi dolzarb vazifalardan biridir.

Jahonda COVID-19 koronavirus pandemiyasining yuzaga kelishi dunyo mamlakatlari qatori O‘zbekistonda ham mamlakatimiz aholisining sog‘lig‘i, jismoniy salomatligi, sog‘lom hayot kechirish darajasi zaif ekanligini ko‘rsatdi. COVID-19 koronavirus infeksiyasi avvalo yurak-qon tomir va nafas olish yo‘llari hamda semizlik (ortiqcha vazn) kasalligiga chalingan fuqarolar sog‘lig‘iga salbiy ta'sir ko‘rsatdi. Natijada, pandemiya ko‘plab insonlar, xususan davlat fuqarolik xizmatchilarining bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ldi.

Shu yil 30 oktyabr kuni Prezidentimiz «Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonga imzo chekdi. Unga ko‘ra, 2021 yildan boshlab davlat organlari rahbarlari va barcha xodimlari ish vaqtidan so‘ng haftada kamida bir marta jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanishadi. Rahbarlar shaxsiy namunalari orqali semizlik darajasini kamaytirish, vazn ko‘rsatkichlarini yaxshilash, salomatlikni mustahkamlash uchun qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat organlari jamoa shartnomalarida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari joriy qilinadi.

Bugun o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimida ana shu jihatlarga alohida e'tibor qaratildi.

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanovning ta'kidlashicha, mazkur Memorandum davlat organlari hamda tashkilotlari rahbar va xodimlarini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, jismoniy faolligini oshirish, ular o‘rtasida turli musobaqalar tashkil etishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlik qilish tartibini belgilab beradi.