09:36 / 19.11.2020
3260

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi OAV xodimlarini sport maydoniga chorlaydi

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan shu yil 28-29 noyabr kunlari ommaviy axborot vositalari xodimlari o‘rtasida «Do‘stlik spartakiadasi» sport musobaqalari o‘tkazilishini ma'lum qiladi.

Sport musobaqalarida OAV xodimlari badminton (yakkalik va mikst yo‘nalishlarida), stol tennisi (yakkalik) hamda voleybol bo‘yicha (erkaklar va ayollar) o‘zaro musobaqalashadi.

Badminton va stol tennisi bo‘yicha musobaqalar O‘zbekiston badminton federatsiyasida tashkil etilsa, voleybol bahslariga Mirobod tumani 2-sonli bolalar va o‘smirlar sport maktabi mezbonlik qiladi.

«Do‘stlik spartakiadasi» sport musobaqalarida qatnashish istagida bo‘lgan barcha turdagi OAV xodimlari va blogerlardan o‘z talabnomalarini joriy yil 25 noyabrga qadar Jismoniy tarbiya va sport vazirligining elektron manzili (info@minsport.uz) yoki (99) 482-52-12 raqamiga Telegram messenjeri orqali yuborishlari so‘raladi.

Unutmang, sog‘lom turmush tarziga oshno bo‘lgan inson sog‘lom fikrlaydi!

Murojaat uchun telefonlar: (71) 239-24-18, (71) 239-24-37

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi Matbuot xizmati

Top