Samarqandga karantinning boshidan buyon bormaganlar hozir borishsa, ancha o‘zgarishlarni ko‘rishlari mumkin. Ayniqsa ko‘chalarda. Ha, karantin vaqtida Samarqandda ko‘plab yo‘llar ta'mirlandi. Faqat shaharda emas, tumanlarda ham yo‘lsozlik ishlari olib borilmoqda.

Samarqand viloyati hududida 16 319 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llari ro‘yxatga olingan. Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 5 avgustdagi 169-sonli qaroriga muvofiq 4 097 km uzunlikda umumiy foydalanishdagi halqaro, davlat va mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari mavjud. Shundan, 385 km halqaro, 979 km davlat ahamiyatidagi, 2 733 km mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘llari hisoblanadi.

Ushbu avtomobil yo‘llari Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy boshqarmasi tasarrufida bo‘lib, ularda boshqarma tarkibidagi tuman yo‘llardan foydalanish korxonalari tomonidan ekspluatatsiya qilish ishlari amalga oshirib kelinmoqda.

Bundan tashqari viloyat hududidagi xo‘jaliklararo qishloq avtomobil yo‘llari, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullardagi mintaqaviy avtomobil yo‘llari 12 222 km.ni tashkil etadi.

12 222 km yo‘l tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari hisobida turadi. Shundan 5 875 km qismini ta'mirlash talab etiladi. Ta'mirlash ishlari «Samarqand mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» DUK tomonidan davlat dasturlari asosida ajratilgan mablag‘lar evaziga amalga oshirilmoqda.

2020 yil rejalarni amalga oshirish uchun jami 521 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, shundan respublika budjeti hisobidan 330,8 milliard so‘m, mahalliy budjet hisobidan 83,5 milliard so‘m ajratilgan. Shuningdek, Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi hisobidan 106,7 milliard so‘m ajratilgan.

10 oyda 788,7 km yo‘l ta'mirlandi

Joriy yilning ortda qolgan 10 oyida jami 498,6 milliard so‘mlik yo‘l ta'mirlash ishlari bajarildi. Jumladan, respublika budjeti hisobidan 320,3 milliard so‘m, mahalliy budjet hisobidan 83,5 milliard so‘m hamda Samarqand viloyatini obodonlashtirish va farovonligini oshirish jamg‘armasi hisobidan 94,7 milliard so‘m sarflandi.

Natijada 788,7 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llarining holati yaxshilandi hamda qayta qurish va to‘la ta'mirlash ishlari bilan birgalikda joriy ta'mirlash ishlari olib borildi. Xususan, Investitsiya va to‘la ta'mirlash dasturlariga asosan 32,4 km avtomobil yo‘llarida qurilish-ta'mirlash ishlari yakunladi. Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarida 503,6 km joriy ta'mirlash ishlari, shahar ko‘chalari va ichki xo‘jalik yo‘llarida 252,7 km kapital va joriy ta'mirlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu ta'mirlash ishlari uchun 10 oyda 697 ming tonna asfaltobeton mahsulotlari ishlab chiqarildi.