Shtat qonunchilik majlisining respublikachilar partiyasidan bo‘lgan ikki a'zosi - Michigan Senatidagi respublikachilar yetakchisi Mayk Sherki va shtat Vakillar palatasi spikeri Li Chetfild Tramp bilan Oq uyda uchrashuvdan keyin ovozlarni qayta hisoblash jarayonida «odatiy tartibga rioya qilinishi»ni va'da berishgan.
Shu kunlarda Jorjiya shtatida ovozlar qayta hisoblab chiqilganidan keyin Baydenning kichik farq bilan g‘alaba qozongani tasdiqlandi. Jorjiya shtati davlat kotibi, Trampning ashaddiy tarafdori bo‘lgan Bred Raffensperger amaldagi prezident Jorjiyada yutqazganini tasdiqladi. «Raqamlar aldamaydi. Men bugun taqdim etilgan ma'lumotlarni haqiqiy deb hisoblayman», degan u. Shtat rasmiylariga ko‘ra, Bayden ushbu shtatda Trampni 12 ming ovozga ortda qoldirgan.
Agar Tramp shtabi bu natijalar bo‘yicha e'tiroz bildira olmasa, unda bu shtatda demokratlar nomzodi 1992 yildan beri birinchi marta respublikachi nomzodni ortda qoldiradi.
30 noyabrda o‘tgan prezident saylovlaridan keyingi ilk kunlarda Jorjiyada Tramp yetakchilik qilayotgandi. Biroq byulletenlar qayta ishlanishi davomida Bayden 6 noyabr kuni oldinga chiqib olgan. Shtat saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, Bayden Trampni 0,3 foizga ortda qoldirgan va shu sababli ovozlar qayta hisoblab chiqilgan.
Jo Bayden 2021 yilning 20 yanvarida AQShning 46-saylangan prezidenti sifatida ishga kirishishi kutilmoqda.
Baydenning g‘alabasi 14 dekabr kuni saylovchilar hay'ati tomonidan rasman e'lon qilinadi – hozirgi holatga ko‘ra Bayden 306 delegat ovoziga ega, Trampda 232 delegat ovozi bor – g‘oliblik uchun 270 ovoz yetarli hisoblanadi.
Baydenga ovoz bergan amerikaliklar soni Trampga ovoz berganlar sonidan 5,9 millionga ko‘p.
Shunday bo‘lsa-da, juma kuni amaldagi prezident yana bir marta o‘zi g‘alaba qozongani haqida gapirdi. «Darvoqe, men g‘alaba qildim», dedi u. U saylovlar kunidan keyin bir necha marta saylovlar vaqtida keng ko‘lamli qoidabuzarliklar ro‘y berganini aytdi, ammo biror marta ham o‘zining bunday ayblovlariga dalil keltirmadi.
Uning matbuot kotibi Keyli Makineni OAV va demokratlarni ikkiyuzlamachilikda ayblagan.
«2016 yilda prezident Tramp qonunan prezident bo‘lib saylanganida, ko‘plar uni qoralashga, obro‘sizlantirishga urinishgan va uning g‘alabasini tan olishmagandi. Hech qanaqa birlikka va tinchlikka chorlovlar bo‘lmagan», degan u.

















