– Deputat bo‘laman, deb o‘ylaganmisiz? Deylik, bolalikmas, aqlingizni tanib, o‘zingizning meningizni idrok qilib boshlaganda, deputat bo‘lmasa ham, siyosiy rutbaga erishishni o‘ylaganmisiz?

– Maktab davrida maqsadim yuridik universitetiga kirish va prokuror bo‘lish edi. Jamiyatda prokurorlar eng boy, eng hurmatli qatlam edi. Hamma prokurorlar erishayotgan boylik, hurmatga erishish niyati bo‘lgan. Dunyoqarash shunaqa bo‘lgan. Lekin men o‘n yetti yoshimda Angliyaga ketganman. U yerda 9 yil umrim o‘tgan bo‘lsa, mana shu jarayonda o‘smirlikdan o‘tib, erkak kishiga aylanish jarayoni bo‘lgan va dunyoqarashimning juda katta qismi mana shu muhitda shakllangan. Yevropada erkin jamiyat ta'siri bo‘lgan. O‘zimni davlat odamidan ko‘ra, ko‘proq xususiy sektor vakili sifatida ko‘ra boshlaganman. 2015 yil kimdir 4 yildan keyin deputat bo‘lasan desa, ishonmagan bo‘lardim.

– Siz xorijga ketdingiz, o‘qidingiz... Buni juda ko‘pchilik xohlaydi, orzu qiladi, lekin qo‘lidan kelmaydi. Yolg‘on bo‘lmasa kerak, 90 foiz odam xorijga ketgandan keyin, u jamiyatni ko‘rgandan keyin qolgisi keladi. Kamdan kam odam qaytgisi keladi. Ular ham ko‘pchiligi jaydari o‘zbek bo‘lgani uchun rishtalar, oila, mahallasini sog‘ingani uchun qaytgisi keladi. Siz nima uchun qaytdingiz?

– Qaysidir ma'noda menda ham shu rol o‘ynadi, umumlashtirmayman, lekin kuzatganman, ayniqsa, vodiy xalqi orasida qaytish tendensiyasi yuqori bo‘ladi. Mening qaytishimni ham ota-onam xohlagan. Endi ikki akam uylanib, menga navbat kelgandi. Qachon qaytasan, bizda o‘zbekona dunyoqarash, shuncha odam yashayapti, Xudo sening ham rizqingni beradi, deyishdi. Odam, albatta, yurtini, qadriyatini, yashash tarzini sog‘inadi. Qayerda yashamang, yuragingizning bir bo‘shlig‘i tortadi, uni hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi. Uni muvaffaqiyat bilan to‘ldira olmaysiz. Muhabbat doim bo‘ladi, doim qaytgingiz keladi. Qaytganingizdan keyin bir-ikki oydan keyin yana ketishni xohlaysiz: moslasha olmaysiz, nimaga keldim, deysiz. 2-3 hafta shirin bo‘ladi, mehmon bo‘lasiz, keyin yo‘lingizni topa olmay qiynalasiz. Menda ikki marta shu holat bo‘ldi. Bo‘ldi qaytmayman, dedim. Lekin qaytib kelaverdim. Doim qaytib ketishimni sababi «B» reja bo‘lishi deb o‘yladim. Chunki vizamiz bor, yana qaytib ketamiz. 2015 yil bo‘ldi dedim o‘zimga. Vizamni cho‘zdirmayman, «B» rejasiz qaytaman, dedim.

Bitta narsa yoqmay qolsa, tezda ketishni o‘ylaysiz. Bu safar hamma qiyinchilikka chidayman, qaytmayman dedim. Afsus hissi biroz kamaydi. Oilali bo‘ldim, farzandli bo‘ldim, bir joyga o‘rnashganim uchunmi, vaqt davolaydi. Sekin-sekin moslashdim. Dunyoqarashim u yoqdan chiqib, bu yoqdagi tizimga moslashdi.