Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xalq ta'limi vazirligi tizimda aniqlanayotgan kamomadlar yuzasidan izoh berdi
Xalq ta'limi tizimida ish haqi fondi 17 trillion so‘mni tashkil qiladi, kamomadlar to‘g‘risida chiqayotgan ma'lumotlarning asosi vazirlik mehnati natijasi sanaladi. Bu haqda xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Temur Komilov O‘zA’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlikning Ichki auditi aniqlanayotgan holatlarni huquq-tartibot organlariga taqdim etadi, ular tegishli surishtiruv ishlaridan keyin e'lon qilinadi.
“Bu masala yuzasidan fikrimiz juda ham keskin. Xalq ta'limi tizimida ish haqi fondi 17 trillion so‘mni tashkil qiladi, agar tizimda 1 foiz kamomad aniqlansa ham bu 170 mlrd so‘m mablag‘ bo‘ladi. OAVda kamomadlar to‘g‘risida chiqayotgan ma'lumotlarning asosi o‘zimizning vazirlik mehnati natijasi sanaladi. Bu narsa Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ham, Senatda ham muhokama qilingan.
Biz shu yilning yanvar-fevral oylarida Xalq ta'limi vazirligining ichki audit xizmati va Hisob palatasi hamkorlikda o‘rganish ishlarini olib bordik, hozir ham bu ishlarni davom ettiryapmiz. Yil yakunida ushbu sohada qilingan ishlar bo‘yicha sarhisob tarzida ommaviy axborot vositalari orqali alohida ma'lumot berishni rejalashtirganmiz. Qanday kamchiliklar aniqladik, qancha kamomad topdik, qayerda xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Misol uchun, birgina Andijon shahrida ishlamaydigan odamlarga 5 mlrd. so‘mdan ortiq oylik yoki mukofot pullarini rasmiylashtirish natijasida davlat budjetiga zarar keltirilgan holatlarni aniqlaganmiz. Xuddi shu kabi Zarbdor tumanida ham 7 mlrd so‘mdan ortiq kamchiliklar aniqlandi va huquq-tartibot organlariga taqdim etildi. Bunga 2019 yilda ichki audit xizmatini kuchaytirishga berilgan asosiy e'tibor sabab bo‘lmoqda. Ichki auditni kuchaytirganimizdan keyin uni Markaziy apparatga olib, faqat vazirlikka bo‘ysunadigan qildik va Moliya vazirligidan moliyaviy instrumentlarni olib, aynan xavf tahlillari asosida og‘riqli har bir nuqtaga borib, kamchiliklarni aniqlayapmiz. Bu bo‘yicha qilayotgan ishlarimiz murosasiz, albatta choralar ko‘riladi.
Yillar davomida budjet tizimida ish haqining taqsimlanishi, sarflanishi hisoboti to‘liq avtomatlashtirilmagan, biz bu ishlarni bosqichma-bosqich amalga oshiryapmiz, ya'ni tarifikatsiya hisobi bo‘ladimi, malakasi bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlanishi bo‘ladimi, avtomatlashtirishni boshladik. Bundan tashqari, xalq ta'limi tizimining boshqaruv elektron dasturini yaratish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Keyingi o‘quv yilidan uni albatta amaliyotga joriy qilish bo‘yicha harakat qilamiz.
Vazirlikning Ichki auditi o‘zimiz tomondan aniqlanayotgan holatlarni huquq-tartibot organlariga taqdim etib, ular yuzasidan holatlar huquq-tartibot organlarining surishtiruv ishlaridan keyin e'lon qilinadi", - dedi vazir o‘rinbosari.
Avvalroq, xalq ta'limi vaziri Hisob palatasi bilan hamkorlikda xalq ta'limi sohasida jami 192,3 mlrd. so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlanib, ushbu ko‘rsatkich 2018-2019 yillarda Davlat budjetidan tizimga ajratilgan jami 30,5 trln. so‘m (shundan, 2018 yilda 12 trln. so‘m va 2019 yilda 18,5 trln. so‘m) mablag‘larga nisbatan 0,63 foizni tashkil etganligini ma'lum qilgan edi.
Vazir aniqlangan moliyaviy xato va kamchiliklarning 52,5 mlrd. so‘mi ish haqidan o‘g‘rilik, noqonuniy o‘zlashtirish va ortiqcha to‘lovlarga to‘g‘ri kelib, mazkur yillarda ish haqi bilan bog‘liq xarajatlarga ajratilgan jami 28,1 trln. so‘mga (shundan, 2018 yilda 10,9 trln. so‘m va 2019 yilda 17,1 trln. so‘m) nisbatan 0,19 foizni tashkil etganini ta'kidlab o‘tgan edi.
Mavzuga oid
16:33 / 22.10.2023
Qoraqalpog‘istondagi neft bazasida dizel yonilg‘isida 8,2 milliard so‘mlik kamomad aniqlandi
21:00 / 26.01.2023
Ta’limdagi ishlarimiz nega samarasiz bo‘lmoqda? - ekspertlar bilan intervyu
22:53 / 24.01.2023
Toshkent shahridagi yana 12 ta maktabda 25 yanvardan ta’lim jarayoni boshlanadi
18:44 / 15.01.2023