Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga so‘nggi tashrifi chog‘ida Qashqadaryo viloyati misolida aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriqlar berilgandi.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida viloyatning barcha tumanlarini qamrab olgan holda:

  • tibbiy brigadalarni shakllantirish;
  • xonadon patronaji;
  • tibbiy xatlovni elektron tizimda shakllantirish;
  • antropometrik o‘lchov va tekshiruvlarni amalga oshirish;
  • maqsadli skrining va ko‘riklar;
  • tibbiy ma'lumotlarni planshetga kiritish va umumlashtirish uchun maxsus elektron dastur ishlab chiqish;
  • xonadonning tibbiy kartasi, mahalla, tuman «Salomatlik profili»ni yaratish;
  • aholi orasida to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollik odatlarini shakllantirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Xonadonlarda patronaj va antropometriya tadbirlari doirasida poliklinika va oilaviy shifokor punktilarda quyidagi maqsadli skrining tadbirlari amalga oshiriladi:

  1. shifokor tomonidan 40 yoshdan oshgan fuqarolarda maxsus savolnoma asosida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar skriningi;
  2. akusher-ginekolog tomonidan tug‘ish yoshidagi ayollar ko‘krak bezi saratoni skriningi;
  3. qonda qand miqdorini aniqlash orqali 2-turdagi qandli diabet kasalligi skriningi.

«Loyihani amalga oshirish uchun viloyatning barcha tuman va shaharlarida hududiy rahbarlar boshchiligida maxsus monitoring guruhi tuzilib, ularga tashkil etilayotgan tibbiy brigadalarni nazorat qilish, ularni zarur mobil jihozlar bilan ta'minlash, mobil poliklinika faoliyatini tashkillashtirish uchun avtotransport ajratish, zarur miqdorda reaktiv va sarflov materiallari bilan ta'minlash kabi moliyaviy masalalarni hal qilish yuklatildi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Shu maqsadda viloyatda 1535 tibbiy brigada tashkil etilib, o‘z hududlariga biriktirilgan.